Konstitutsiya davlatning asosiy qonunidir. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

“Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimda davridayoq ma’lum bo‘lgan. Rim konstitutsiyasi asosan pretsedent orqali o‘tadigan kodlanmagan ko‘rsatmalar va prinsiplardan iborat bo‘lgan. Rim konstitutsiyasi rasmiy yoki hatto rasmiy bo‘lmagan, asosan yozilmagan va doimo rivojlanib borgan. Shuningdek, Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.

Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya haqida so‘z borar ekan, biz avvalo uni mustaqilligimizning eng katta yutugʻi, uning bardavomligi timsoli sifatida ko‘ramiz. Konstitutsiya kodeks emas, huquqiy hujjat emas, balki mamlakatimizning Bosh Qomusidir. U shunchaki asar emas. Unda nafaqat insonlar, jamiyat va xalq manfaatlari, balki tabiat, atrof muhit muhofazasi ham mujassam.  Konstitutsiya o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizning inson, uning huquqlari, manfaat va erkinliklarini haqiqiy qadriyat deb biladigan mustaqil va suveren davlatga aylanishida asosiy dasturilamal bo‘lib keldi.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, Konstitutsiya qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni ularga hurmat ruhida tarbiyalash inson manfaati, huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, hayotimizning erkin va obod, turmushimizning yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi. Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimizning tinch, osoyishta va farovon hayotini ta’minlash hamda O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam huquqiy asos bo‘lib kelmoqda.

Jahon amaliyotidan ma’lumki, ko‘plab mamlakatlarda Konstitutsiya ekspert hamda tajribali mutaxassislar, olimlar va deputatlar tomonidan ishlab chiqilib, parlament tomonidan tasdiqlanadi. To‘g‘ri ekspert va mutaxassislar o‘z sohasining ustalari, har tomonlama chuqur bilim va amaliy tajribalarga ega bo‘ladi. Ammo xalq manfaatlari, xalq irodasini aks ettiradigan bunday hujjat insonparvarlik, xalqchillik g‘oyalari bilan boyitilgan, xalq dardi va ruhiyatini o‘zida mujassam etgan bo‘lishi lozim.

Davlat xalq deganidir. Xalq bo‘lmasa davlat ham mavjud bo‘la olmaydi. Demak, Konstitutsiyadan tortib davlatning barcha normativ hujjatlarigacha xalq manfaatlarini ifoda etishi kerak. Bugungi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqaro demokratik prinsiplarga mosligi, barcha soha o‘z ifodasini topgani bilan mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini ta’minlab kelmoqda. Bu mamlakatda inson manfaatlari ulug‘langanidan dalolatdir. So‘zimiz ifodasi sifatida birgina Bosh Qomusimizning II bob 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” deb belgilab qo‘yilgan. Bu mustaqil demokratik yo‘ldan dadil odimlayotgan O‘zbekistonning eng ulug‘ maqsadi, avvalo, xalqimiz manfaatlari ko‘zlangan islohotlarni amalga oshirishga qaratilganing yorqin namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yana bir misol sifatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
46-moddasini oladigan bo‘lsak, unda “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilangan. Mamlakatimizda xotin-qizlarga katta e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishidan dalolat beruvchi ushbu modda ularning jamiyatdagi nufuzini oshirishda, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi faoliyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Natijada tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar safi muttasil kengayib, ular mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

O‘zbekiston xotin-qizlari siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, 2019-yil 4-sentyabrda qabul qilingan Qonunga asosan saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan 96 va
117-moddalarga o‘zgartirishlar kiritilganligi hamda mamlakatimizda siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini xotin-qizlar tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi qonunchilik normasi ham alohida e’tiborga loyiq.  Bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida uzoqni ko‘zlab belgilangan me’yor va qoidalar samarasi hamda siyosiy maydonda xotin-qizlar uchun katta kuch va jasorat berayotganining ifodasidir.  

Konstitutsiya – baxtimiz kafolati, hayotimizning muhim mezoni hisoblanadi. Bosh qomusimizning yana bir ahamiyatga molik jihati, 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekani ko‘rsatib qo‘yilgani hamda umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlangani navqiron avlodning iqtidoru salohiyatini namoyish etishi yo‘lida katta imkon hisoblanadi. Bu jihatlar yoshlarning yorug‘ kelajagini belgilab beruvchi mezon, ezgu maqsadlar mushtarakliging ifodasidir.

Shuni ishonch bilan ta’kidlash joizki, Bosh qonunimiz — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi muhim siyosiy, huquqiy hujjat sifatida jahonda yangi, suveren, istiqboli porloq davlat dunyoga kelganining o‘ziga xos shahodatnomasi bo‘ldi. O‘zbekistonning Bosh qomusi mamlakatni dunyoning ilg‘or demokratik tamoyillar va fuqarolik jamiyati rivojlangan yetakchi davlatlari qatoridan joy olishiga xizmat qiluvchi muhim huquqiy poydevordir. Konstitutsiya belgilab bergan tamoyillar asosida tobora rivojlanib borayotgan mamlakatimiz jahon hamjamiyatida o‘z munosib o‘rniga ega.

Sulaymonova Yulduz
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masul xodimi