Joriy yilning 7-dekabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni o‘rganish bo‘limi tomonidan “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimlari tomonidan serquyosh hur o‘lkamizni tarannum etuvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini jonli ravishda kuylash bilan boshlandi.

Respublikamizda bayramlar ko‘p ammo, bayramlar orasida o‘ziga xos g‘urur va iftixor tuyg‘ularini his qiladigan bayram bu – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, tadbir davomida respublikamiz madhiyasi va uning qabul qilinganligiga oid tezkor savol-javoblarni o‘z ichiga olgan viktorina o‘tkazildi.

Shuning bilan birga, davlat madhiyasi har bir davlatning suveren mustaqilligi ramzi sanalishi hamda davlat madhiyasiga nisbatan hurmat va ehtirom munosabatida bo‘lish lozimligi nafaqat milliy qonunchilikda balki xalqaro huquq protokoli normalarida ham o‘z ifodasini topganligi ta’kidlab o‘tildi.

Bundan tashqari, madaniy–ma’rifiy tadbir davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan davra suhbati ko‘rinishida davom ettirilib, “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni mazmuni tahlil qilindi. Institutning Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni o‘rganish bo‘limi katta maslahatchisi F.Nuboboyeva tomonidan quyidagilar bayon etildi:

“O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun
1992-yil 10-dekabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan bo‘lib, bu yil “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligining 29 yilligini keng nishonlamoqdamiz. Serquyosh hur o‘lkamizni tarannum etuvchi davlat madhiyamizni qarshi olish har birimizning vatanparvarlik burchimizdir. Mamlakat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni mavjud.

Qonunning 3-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini ijro etilishiga oid quyidagi qoidalar amal qiladi:

1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida — u qasamyod qabul qilganidan so‘ng;

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sessiyalarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chog‘ida;

3) O‘zbekiston Respublikasida nishonlanadigan umummilliy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishlar va majlislarning ochilishi chog‘ida;

4) davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni — ko‘rsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan so‘ng, ko‘rsatuv va eshittirishlar kechayu kunduz olib borilganida esa soat 6 da va soat 24 da, yangi yil kechasida — soat 24 da;

5) respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va san’at arboblari sharafiga o‘rnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi chog‘ida;

6) davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini ko‘tarish chog‘ida;

7) rasmiy safar bilan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chog‘ida — tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib bo‘linganidan keyin;

8) harbiy marosimlarni o‘tkazish vaqtida — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;

9) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida — yangi o‘quv yili boshlanishi va o‘quv yili tugashi marosimlari chog‘ida;

10) sport maydonlarida — O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida;

11) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari — ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8.00 da ijro etiladi.”

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining birinchi ijrochisi va ijro etaloni O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri deb hisoblash rasmiy qabul qilingan.

Davlat tadbirlarida, radio va televideniyada va yana 4 xil uslubda ijro etilishi uchun Madhiya 2006-yil iyul oyida quyidagi uslublarda qayta yozib chiqildi: “Jiddiy”, “Odatiy”, “Yoshlarbop” va “Matnsiz”.

 Alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Davlat madhiyasining fuqarolarda o‘z ona Vatanidan g‘ururlanish tuyg‘usini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi azaldan buyuk tarix, buyuk davlatchilik asoslariga ega mamlakatimiz, oltin vodiylarga boy bo‘lgan, serquyosh va hur O‘zbekistondek qutlug‘ diorimiz madhini o‘zida mujassam etadi.