2021-yil 14 dekabr kuni Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashabbusi bilan “Mintaqaviy muloqot” XNNTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “HILTON” mehmonxonasining anjumanlar zalida “Adliya sohasida raqamlashtirishni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida oflayn va onlayn rejimda o‘tkazilgan konferensiyada adliya vaziri o‘rinbosari X. Meliyev ishtirok etib, adliya sohasini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Ko‘pchilikka ma’lumki, oxirgi yillarda O‘zbekiston hukumati barcha sohalarni to‘liq raqamlashtirish masalasiga jiddiy e’tibor beryapti.
Xususan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktabrdagi Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlangan. Strategiya asosida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini ta’minlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligida ushbu jarayon barcha faoliyat yo‘nalishlarini to‘liq raqamlashtirish maqsadida ancha oldindan boshlanganligini e’tirof etish lozim.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Adliya vazirligi qariyb 50 ta yirik axborot tizimlari faoliyat yuritishini ta’minlamoqda.

Jumladan, vazirlik tizimida O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (Project.gov.uz), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (Regulation.gov.uz), “Notarius” axborot tizimi, nodavlat notijorat tashkilotlari portali (E-ngo.uz) va boshqa shu kabi yirik axborot tizimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Birgina Lex.uz saytiga har oy o‘rtacha 1,2 million foydalanuvchi tashrif buyurmoqda.

Bundan tashqari, Mahalliy ijro hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazishning “E-qaror” yagona elektron tizimi ishga tushirildi. Ushbu tizim fuqarolarimizning mahalliy norma ijodkorligi jarayonida faol ishtirokini ta’minlash, davlat boshqaruvi shaffofligi, korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Adliya organlari va muassasalari, shuningdek, davlat xizmatlari ma’lumotlar bazalarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish orqali “Virtual adliya” tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Kadrlar xizmatining faoliyatini raqamlashtirishning mehnat munosabatlariga oid ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash hamda ish yuritishni avtomatlashtirish bo‘yicha “MinJust HR” avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilindi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini isloh qilish natijasida mavjud 700 dan ortiq davlat xizmatlaridan 162 tasi Markazlar, 267 tasi esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali interaktiv shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan oxirgi to‘rt yilda aholiga 40 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi, bunda fuqarolarning davlat idoralari vakillari bilan aloqasini imkon darajada kamaytiradigan tizim yaratildi.

Umuman olganda, davlat organlari tomonidan

73 turdagi ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilindi, shu jumladan tahlil qilingan 18 turdagi ma’lumotlarni elektron hamkorlik orqali olish tartibi o‘rnatilganligi har yili qariyb 15 million dollar mablag‘ni iqtisod qilish imkonini berib,

12 million nafar (aholining 35%) fuqarolarning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu o‘rinda, ta’kidlash joizki, Adliya vazirligi tizimida kuniga 70 mingga yaqin davlat xizmatlari zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan boshqariladigan “License” tizimi tufayli litsenziya berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron shaklga o‘tkazildi. Litsenziyalar va ruxsatnomalarning maxsus blankalarda rasmiylashtirilishidan voz kechilishi va elektron hujjatlar berishga to‘liq o‘tilishi natijasida 1,5 million dollardan ziyod mablag‘, shuningdek, 3,5 million varaq qog‘oz iqtisod qilindi. Bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan o‘tgan yili

100 tonna qog‘oz iqtisod qilindi.

Bu kabi islohotlar Adliya vazirligi faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan qayta aloqani ta’minlashga, adliya organlari va muassasalari xodimlarining javobgarligi va ijro intizomini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Konferensiya davomida spikerlar o‘z ma’ruzalarida Adliya vazirligining har bir yo‘nalishlarida, shuningdek, sud-huquq sohasi va davlab boshqaruvini raqamlashtirish ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan batafsil ma’lumot berishdi.

Tadbirda adliya organlari faoliyatida raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingan holda bu jarayonni yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.