So‘nggi paytlarda keng jamoatchilik e’tiborini migratsiyaning o‘sishi va yuzaga kelayotgan muammolar, belgilangan tartiblarni chetlab o‘tish orqali noqonuniy mehnat migratsiya faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar sonining ortib borayotgani hamda noqonuniy mehnat migratsiyani ko‘payotgani kabi masalalarga qaratmoqda.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat migratsiyasi sohasidagi muammoli masalalari o‘rganildi. Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda bu borada qator tizimli muammolar mavjud.

Xususan, mehnat migratsiyasi sohasini tartibga solishning huquqiy asoslari yetarli darajada tizimlashtirilmagan. Mazkur holat mehnat migratsiyasining nazoratsiz o‘sishiga olib keladi hamda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklarini to‘liq himoya qilishga to‘sqinlik qiladi.

2013-2021 yillar davomida mehnat migratsiyasi sohasida qariyb 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib, ulardan 30 dan ortig‘i Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining buyruqlaridir. Shu bilan birga, MDH davlatlarida “Migratsiya toʻgʻrisida” (Tojikiston), “Aholining migratsiyasi toʻgʻrisida” (Qozogʻiston), “Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasida migratsiya propiskasi toʻgʻrisida” (RF), “Tashqi mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi qonunlar mavjud (Belarus, Qirg’iziston). 1991 yildan beri Germaniya Federativ Respublikasida “Xorijiy fuqarolarning Germaniya Federativ Respublikasida yashashi, mehnat faoliyati va integratsiyasi toʻgʻrisida”, “Immigratsiyani nazorat qilish va cheklash toʻgʻrisida, shuningdek, istiqomat va yashash joylarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlar amal qiladi. Yevropa Ittifoqi davlatlari xorijiy ishchilar uchun Yevropa Ittifoqi mehnat bozoriga kirish va qolish bo’yicha bir qancha ko‘rsatmalarni qabul qilgan.

Ta’kidlash joizki, mehnat migratsiyasini tashkil etishning yetarli darajada tartibga solinmaganligi, ishchilarni ishga olishdan (yollashdan) tortib, mehnat shartnomalarini tuzishgacha “mehnat qullari” savdosining kuchayishiga olib kelmoqda.

Bugungi kunda migrantlar nisbatan uyushqoqlik bilan faqat Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Polsha va boshqa ayrim davlatlarga yuborilmoqda. Ayni paytda, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Koreyada uch milliondan besh milliongacha O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda. Qonunchilik tashabbuslariga qaramay, samarali tezkor nazorat va mehnat muhojirlarini jalb qilishni tizimli tashkil etishning mavjud emasligi migrantlarni aldov yo‘llari bilan ayrim shaxslarga aldanib qolishlariga sharoit yaratmoqda.

O‘zbekistonda fuqarolarning mehnat migratsiyasi masalalari bilan 2016-yildan boshlab jiddiy shug‘ullanila boshlandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va uning hududlardagi filiallari hamda O‘zbekistondan tashqaridagi vakolatxonalari tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi.

Agentlikning mehnat migrantlarini xorijga uyushgan holda jalb etish va ishlashga yo‘naltirishiga qaramay, mehnat migrantlarining asosiy qismi mustaqil ravishda xorijga ishlashga bormoqda. 2020 yilda Agentlik 10 272 nafar fuqaroni (chet elda ishlayotgan o‘zbekistonlik ishchilarning taxminan 0,7 foizi) chet elda ish bilan ta’minlashga yordamlashgan. Bunday holatni Agentlik bilan O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzgan ko‘pgina firma va kompaniyalar ishchilar oliy ma’lumotli, ish tajribasi, malaka va kasb-hunarga ega bo‘lishni talab qilishi bilan izohlash mumkin..

Yana bir dolzarb muammo shundaki, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining yagona ma’lumotlar bazasi hamda ishonchli xorijiy ish beruvchilar reestrining mavjud emasligidadir. Bu mamlakat fuqarolarida ishga yollovchilar firmalarning takliflari nisbatan ishonchsizlikka olib keladi. Natijada o‘zbekistonlik muhojirlarni aldanishi, mehnat huquqlarini buzilishi holatlari tez-tez uchrab turishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston mehnat bozorida har yili mehnatga layoqatli aholi soni 700 ming kishigacha oshib borayotgani hamda rasman tan olingan ishsizlarning umumiy soni esa 2 million kishini tashkil etishini hisobga olsak, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi chet elda ishlamoqchi bolgan barcha fuqarolar istaklarini qamrab ololmaydi.

Bugungi kunda hukumat tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etishda markazlashtirishning mumkin emasligini aniq anglab, tashqi mehnat bozorini erkinlashtirdi. Mamlakatimizda xususiy mehnat agentliklari faoliyatiga ruxsat berilgan. Ammo ularning ko‘pchiligi aholida ishonch uyg‘otmaydi, ayrimlari esa firibgar tuzilmalardir. Misol uchun, fuqaro Ibrohim Jonuzaqov “Global Works Resources” va “Profelite Imp Xususiy Bandlik Agentligi” kompaniyalarini tashkil etib, 2017-yilning yanvaridan 2019-yilning avgustigacha unga rahbarlik qilgan holda, Koreya Respublikasida 181 kishini ish bilan taʼminlashni vaʼda qilib, 6,5 milliard soʻmni oʻzlashtirgan. Hozirda mazkur shaxsga qidiruv e’lon qilingan.

Shuningdek, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunning
13-moddasida O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslardan ishga joylashtirish xizmatlari uchun haq undirish taqiqlanganiga qaramay, bandlik organlari turli bahonalar bilan (shartnoma tuzish, sug‘urta, ishlash uchun ruxsatnomalar va boshqalar) pul talab qilgan. Masalan, “Human” bandlik agentligi 2018-yil noyabridan 2019-yil sentyabrigacha bo‘lgan davrda Yevropa mamlakatlarida ishga joylashish bo‘yicha shartnomalar tuzib, har bir shaxsdan “Human” bandlik agentligi shartnomasi bo‘yicha hisob raqamiga 18 milliondan 35 milliongacha pul o‘tkazilgan. Natijada “Human bandlik agentligi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 52 nafar murojaat etuvchidan jami 1 milliard 600 million so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushdi.

Deyarli shu tarzda Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “Consort” xususiy bandlik agentligi MChJ mansabdor shaxslari o‘z mijozlarini aldagan. Fuqarolarni Yaponiya, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlarga ishlashga jo‘natish bahonasida firibgarlik yo‘li bilan 786 million 948 ming so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan. Mazkur holat yuzasidan firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Umuman olganda, tadqiqot natijalariga ko‘ra, tashqi mehnat migratsiyasining boshqa muammolari ham aniqlangan bo‘lib, ular orasida ish qidirayotganlarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash masalalari, chet elda ishga joylashish uchun ishchilarga kredit berish (ssuda) tizimining yo‘qligi, shuningdek, chet elda ishga joylashish, malakali mutaxassislar tayyorlashdagi kamchiliklarni qayd etish mumkin. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda ishlaydigan yoshlarning radikallashuv xavfining yuqori darajasi jiddiy muammoga aylanmoqda.

O‘rganish jarayonida aniqlangan tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etishning muammoli jihatlari bo‘yicha Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xususan, mehnat migrantlarini ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmini joriy etish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, xalqaro mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha yosh mutaxassislarni maqsadli tayyorlash imkoniyatlarini muhokama qilish tavsiya qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi umumiy vaziyatni yaxshilash boʻyicha boshqa taklif va tashabbuslar tayyorlandi.