O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan USAIDning O‘zbekistonda huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda “Kooperatsiyalarning huquqiy asoslarini
mustahkamlash – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish omili sifatida”
mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilsh rejalashtirilgan.

Mazkur tadbir 2022-yilning 14-yanvar kuni soat 13.30 da Toshkent shahridagi  Courtyard by Marriot mehmonxonasi konferensiyalar zalida o‘z ishini boshlaydi.

Konferensiyada kooperativlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikdagi muammolar, kooperatsiyalarni rivojlantirishning ilg‘or xalqaro tendensiyalari, kooperativ tamoyillarning mohiyati va bu sohadagi dolzarv vazifalar muhokama qilinadi.

Tadbirda ushbu sohadagi xalqaro va milliy ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa idoralar vakillari, olimlar, amaliyotchi huquqshunoslar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadilar.

Xususan, xalqaro ekspertlardan Hagen Henry kooperatsiyalarni rivojlantirishning ilg‘or xalqaro tendensiyalari, kooperativ tamoyillarning mohiyati va qonunchilikdagi ahamiyatiga, Santosh Kumar kooperativlar va ularni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarga, Ifigeneia Douvitsa kooperativlarda foyda va zararni qoplashda a’zolarning iqtisodiy ishtiroki va hissasi hamda mazkur sohadagi qonunchilikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tadilar.

Konferensiyada milliy ekspertlar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishadi. Jumladan, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi A. Safarova “O‘zbekiston kooperativ qonunchiligi: muammo va yechimlar”, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassisi N.Rasulov “Kooperatsiyalar hududlarning investitsion jozibadorligini oshiruvchi omil sifatida” nomli ma’ruzalari bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi N. Qurbanbayeva “O‘zbekiston Respublikasi hududlarida qishloq xo‘jaligi subyektlari kooperatsiyasi rivojlanishning iqtisodiy omili”, Toshkent davlat yuridik universiteti vakili N. Imomov “Kooperatsiyalarning huquqiy asoslarini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etadilar.

Onlayn va offlayn shaklda o‘tkaziladigan mazkur tadbirda kooperatsiyalarning tashkiliy-huquqiy asoslari, nazariya amliyotning dolzarb masalalari, milliy va bir qator xorijiy davlatlar tajribasi qiyosiy-huquqiy jihatdan tahlil qilinadi.

Unda qatnashish uchun “Zoom” onlayn platforma orqali quyidagi manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi:

https://us06web.zoom.us/j/89881512818?pwd=SUluWGNkL1R3ZWp5TjIwdkZaMzhQdz09

         Password: LRP2022

Кonferensiya yakunlari yuzasidan ilmiy maqolalar to‘plami chop etiladi. To‘plamda maqolasini chop etishni istaganlar o‘z maqolalarini 2022-yil 25-yanvarga qadar Huquqiy siyosat tadqiqot institutining tadqiqotinstituti@adliya.uz elektron pochta manziliga yuborishlari kerak.

Maqola va tezislar matni MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 o‘lchamda, 1,5 intervalda, annotatsiya (Abstract) 250-300 so’z atrofida va tayanch iboralar (Keywords) 5-8 ta iboradan oshmasligi hamda uchta tilda (o’zbek, ingliz, rus tillarida) bo’lishi, ilmiy maqola va tezisning hajmi minimum 5 bet va maksimum 8 betdan oshmasligi, betlar raqamlanmasligi hamda ular ilgari chop etilmagan yoki boshqa nashrga ko‘rib chiqish uchun va chop etish uchun taqdim etilmagan bo‘lishi lozim. Shuningdek, barcha chizmalar va jadvallar raqamlangan, nomlangan yoki rasm yozuvlari bilan ko‘rsatilgan bo‘lishi, grafika va diagrammalar rangli, qora va oq ranglarda tayyorlanishi kerak. To‘plam uchun maqola va tezislar o‘zbek, rus yoki ingliz tilida qabul qilinadi.