O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “Mintaqaviy muloqot” XNNTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2022-yilning 6-7 aprel kunlari “Hilton” mehmonxonasida “Raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda axborotxavfsizligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Konferensiyada ushbu sohadagi xalqaro va mahalliy ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy sud, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va boshqa tashkilot hamda idoralar vakillari, olimlar, amaliyotchi huquqshunoslar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadilar.

Xususan, xalqaro ekspertlardan Mitya Djermol o‘z ma’ruzasida davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydanishning o‘ziga xos xususiyatlariga oid Sloveniya davlati tajribasiga, Marko Grobelnik sun’iy intellektdan foydalanishga doir xalqaro huquqiy tartiblarga, Ziya Farukiy bolalarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha “Bitcoin” tomonidan moliyalashtirilgan kiberjinoyatlarni tekshirish usullariga,  Shardul Desai huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan buzg‘unchi xakerlik dasturlariga javob qaytarish yo‘llariga, Dobran Bojich Axborot xavfsizligini tashkil etish va takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tadilar.

Konferensiyada milliy ekspertlar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari A.Rasulev “O‘zbekiston Respublikasida raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy siyosat”, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mita rahbari I.Abdullayev “Raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga doir qonunchilikning shakllanishi va transformatsiyasi jarayonlari: sabab-oqibat bog‘liqligi”, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti xodimi U.Avilov “Axborot texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov qilish xususiyatlari: tahlil va muammolar”, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi xodimi A.Razikov “Raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati”, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutaxassisi O.Talipov “Elektron to‘lov tizimlarida huquqbuzarliklar va ularni oldini olish choralari”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi vakili B.Usmanov “Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va ulardan foydalanishni huquqiy tartibga solish”, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xodimi X.Xudayberdiyev “Rivojlanib borayotgan o‘zbek blogosferasida axborot xavfsizligini ta’minlashning muhim jihatlari” mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etadilar.

Onlayn va offlayn shaklda o‘tkaziladigan mazkur tadbirda raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha muammolar, axborot xavfsizligiga erishishda sun’iy intellekt texnologiyalarining rolini oshirish tendensiyalari, bir qator xorijiy davlatlar tajribasi qiyosiy-huquqiy jihatdan tahlil qilinadi.

Unda qatnashish uchun “Zoom” onlayn platforma orqali quyidagi manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi:

https://us02web.zoom.us/meeting/register/tZErcOGtrjIiH9B8d2TIu3ksaV6ramisNxt7

Konferensiya yakunlari bo‘yicha to‘plam nashr etish ko‘zda tutilgan. To‘plamda ilmiy maqola va tezislar bilan ishtirok etish uchun quyida keltirilgan talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan ilmiy maqola hamda tezislar o‘zbek, rus yoki ingliz tillaridan birida joriy yilning 6-7- apreliga qadar tadqiqotinstituti@adliya.uz elektron pochta manziliga yuborilishi mumkin.

Maqola va tezis matniga qo’yiladigan talablar

Maqola va tezislar matni MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 o‘lchamda, 1,5 intervalda, annotatsiya (Abstract) 150-250 so’z atrofida va tayanch iboralar (Keywords) 5-8 ta iboradan oshmasligi hamda uchta tilda (o’zbek, ingliz, rus tillarida) bo’lishi, ilmiy maqola va tezisning hajmi minimum 5 bet va maksimum 8 betdan oshmasligi, betlar raqamlanmasligi hamda ular ilgari chop etilmagan yoki boshqa nashrga ko‘rib chiqish uchun va chop etish uchun taqdim etilmagan bo‘lishi, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (References) APA tizimida rasmiylashtirilishi; (https://apastyle.apa.org/)  lozim. Shuningdek, barcha chizmalar va jadvallar raqamlangan, nomlangan yoki rasm yozuvlari bilan ko‘rsatilgan bo‘lishi, grafika va diagrammalar rangli, qora va oq ranglarda tayyorlanishi kerak. To‘plam uchun maqola va tezislar o‘zbek, rus yoki ingliz tilida qabul qilinadi.

Maqola matnida keltirilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga muallif shaxsan javobgar hisoblanadi.