Joriy yilning 6-7 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda “Raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda axborot xavfsizligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur xalqaro tadbir oflayn hamda zoom platformasi yordamida onlayn shaklda olib borildi.

Xalqaro konferensiyada 40 dan ortiq mahalliy va xorijiy tashkilotlardan ekspertlar, ilmiy muassasa va oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, olimlari, amaliyotchi huquqshunoslar, taniqli mutaxassislar, sudyalar hamda soha vakillaridan iborat 100 ga yaqin ishtirokchilar qatnashishdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy Gvardiya, Oliy Sud, Markaziy bank, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, shuningdek 8 ta vazirlik, 6 ta universitetlar hamda taniqli ilmiy institut, markaz, oliy maktab, inspeksiya
va akademiya vakillari shular jumlasidandir. Shuningdek, tadbirda AQSh
va Sloveniyadan tashrif buyurgan 6 nafar xalqaro ekspert, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etdilar.

Konferensiya davomida raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov qilish muammolari hamda sud amaliyoti, axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash va undan foydalanish masalasida xalqaro huquqiy tartibga solish, elektron to‘lov tizimlarida huquqbuzarliklarning oldini olish, axborot xavfsizligini ta’minlashda davlat organlarining roli, kripto-aktivlar muomalasi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni ta’minlashning tashkiliy-texnik jihatlari, kiberxavflarni sug‘urtalash, ijtimoiy tarmoqlarni huquqiy tartibga solish hamda axborot xavfsizligini ta’minlashning mafkuraviy, axloqiy masalalari yuzasidan muhokama maydoni tashkil etildi.