Davlat xizmatini tashkil etishda, uning rivojlanishi hamda faoliyatida barqarorlikni ta’minlash maqsadida davlat xizmatida o‘rnak bo‘layotgan xodimlarni rag‘batlantirish maqbul yo‘llardan biri sanaladi. Boisi, rag‘batlantirish intizomning, mehnat sifatining yaxshilanishiga yordam beradi, xizmatchilarning tashabbuskorlik va javobgarlik ruhida tarbiyalaydi.

Rag‘batlantirish hamma vaqt maʼlum bir huquqiy asosga tayanadi. U — o‘z vaqtida, obyektiv va maʼlum bir ahamiyatli bo‘lishi kerak. Rag‘batlantirish shunday qo‘llanilishi lozimki, u boshqaruv ishining yuqori natijalariga erishishning stimuliga aylanishi lozim. Bu maʼnoda rag‘batlantirish muvozanatga solishning turi (shakli) hisoblanadi[1]. Shunga ko‘ra, quyida davlat xizmatchilarning rag‘batlantirish tartibining huquqiy asoslarini hamda ushbu sohada yetakchi xorij davlatlarining tajribasini tahlil qilgan holda ko‘rib chiqamiz.

         O‘zbekiston Respublikasi Kostitutsiyasining 37-moddasiga asosan, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.

         Mehnat qonunchilikka asosan, ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin. Rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llanish tartibi, afzallik va imtiyozlar berish jamoa shartnomalari, ichki mehnat tartibi qoidalari va boshqa lokal hujjatlarda, jamoa kelishuvlarida, intizom to‘g‘risidagi ustav va nizomlarda belgilab qo‘yiladi.

Qolaversa, xodimlar mehnat sohasida davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.

Ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlariga kirmaydi. Intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilmaydi.

Qayd etish joizki, davlat xizmati faoliyati bitta normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinmaydi. Har bir davlat organi qabul qilingan alohida normativ hujjat bilan o‘z xizmat faoliyatini amalga oshiradi. Demak, davlat xizmatchilarini rag‘batlantirish ham, tegishli davlat organining xizmat faoliyatini tartibga soluvchi maxsus normativ-huquqiy hujjatida ko‘rsatilgan normalar asosida amalga oshiriladi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-sentyabrdagi PQ-2036-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari va muassasalarida xizmatni oʼtash to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, prokuratura organlari xodimlari xizmatdagi tashabbuskorliklari va tezkorligi, xizmat vazifalarini vijdonan va namunali bajarganliklari uchun rag‘batlantiriladilar.

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar imtiyozlardan foydalanadi, pul to‘lovlari yoki esdalik sovg‘alari olishi belgilangan[2].

Amaliyotda ko‘rishimiz mumkinki, davlat xizmatchilariga intizomiy jazo choralaridan biri qo‘llanilgan hollarda, ularga mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar
va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar berilmasligi mumkin.

Biroq, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 180-moddasi
3-qismiga asosan, ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlariga kirmasligi qayd etilgan.

Shunga binoan, mukofot puli davlat organida o‘rnatilgan mehnat haqi tizimi bo‘yicha to‘lansa, bu to‘lov intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan xodimlarga to‘lanishi mumkin bo‘ladi.

Demak, mukofot puli rag‘batlantirish turiga kirish-kirmasligi har bir aniq holatda davlat tashkilotlarida xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan tarzda o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lash tizimidan kelib chiqadi.

Qolaversa, davlat maxsus xizmati organlarining xizmat faoliyatiga oid normativ hujjatlarida aynan shu kabi mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan to‘lovlar rag‘batlantirish turiga kirmasligi ko‘rsatilgan.

Misol tariqasida, Oʼzbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari va muassasalarida xizmatni oʼtash to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlariga kirmasligi belgilangan.

Qo‘shimch ravishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil
29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarining intizom ustaviga ko‘ra, oylik ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustama haqlari va xodimlarning pul ta’minotida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirishga kirmasligi belgilangan.

Shunga qaramay, Soliq kodeksining 372-moddasiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarda rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar jumlasiga quyidagilar kirishi ko‘rsatilgan:

1) yillik ish yakunlari bo‘yicha pul mukofoti;

2) yuridik shaxsning mukofotlash to‘g‘risidagi nizomida nazarda tutilgan rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar;

3) kasb mahorati, murabbiylik uchun tarif stavkalariga va maoshlarga ustamalar;

4) ta’tilga qo‘shimcha haqlar hamda ushbu Kodeks 377-moddasining 
10-bandida ko‘rsatilmagan moddiy yordam;

5) ko‘p yil ishlaganlik uchun pul mukofoti va to‘lovlar;

6) ratsionalizatorlik taklifi uchun to‘lov;

7) mehnat natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan bir yo‘la beriladigan mukofotlar.

Aksariyat hollarda ushbu keltrilgan normalarni turlicha talqin qilinishi natijasida, xodimlarga to‘langan mukofot, qo‘shimcha to‘lovlar davlat xizmatchisi hisobidan budjetga qaytarilishi yoki davlat xizmatchisiga to‘lanmasligi yuzaga kelmoqda.

Ushbu to‘lovlarning o‘ziga xos belgilarini umumlashtirgan holda shuni takidlash joizki, soliq qonunchiligida ko‘rsatilgan rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar davlat xizmatchisi tomonidan qilingan ishning natijasiga bog‘liq bo‘lmaydi. Yaʼni bunga xizmatchi hech qanday ish bajarmasa ham beriladigan qo‘shimcha to‘lovlar kiradi. Masalan, prokuratura organlarida yigirma yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodim uchun to‘lanadigan pul mukofoti.

Davlat xizmatchisini rag‘batlantirish davlat xizmatchisi tomonidan o‘z xizmat faoliyatida bajargan ish natijasi bilan bog‘liq bo‘ladi (bajarilgan ish ko‘rinib turgan ijobiy natijaga ega bo‘lishi kerak).

         Shunga qaramay, davlat xizmati organlari jamoat shartnomalarida mukofot puli davlat tashkilotining mehnat haqi tizimiga kiritmaslik, xodimga nisbatan beriladigan shu turdagi mablag‘larni agar intizomiy jazo chorasi berilgan yoki uning muddati tugamagan bo‘lsa mukofot, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar berilmaslik holatlari uchrab turadi.

         Davlat xizmatchilariga rag‘batlantirish tayinlanayotganda xizmatchining ish natijasi doim ham aniq baholanavermaydi. Ushbu holatda, bugungi kunda qo‘llanib kelinayotgan davlat xizmatchilarining baholashning zamonaviy usullaridan biri KPI tizimi natijalaridan kelib chiqib, rag‘batlantirish qo‘llanilishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

         Ushbu sohada xorij tajribasini tahlil qiladigan bo‘lsak, Germaniyada “Davlat xizmatchilarining ish haqi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, unda davlat xizmatchilari ish haqilarining turlari sifatida xizmatchining ish samaradorligi uchun qo’shimcha bonuslar qayd etilgan, ushbu bonuslar rag‘batlantirish turi sifatida ko‘rsatib o‘tilmagan[3].

         Shuningdek, Yaponiya davlat xizmatida xodimlarga nisbatan, ularni xizmat faoliyatini sezilarli darajada o‘sishiga sabab bo‘luvchi bir qancha rag‘batlantirish turlari belgilangan. Unga ko‘ra uy-joy olishda, mehnat xavsizligini ta’minlashda, davlat xizmatlaridan foydalanishda, xorij davlatga sayohatlar uchun imtiyozlar hamda sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim sohalaridan davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun taqdim etiladigan imtiyozlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu imtiyozlar xizmatchi nafaqaga chiqandan keyin ham saqlanib qolinadi[4].

Bu kabi imtiyozlar davlat xizmatchisining uzoq vaqt samarali ishlashining muhim asosi bo‘lib xizmat qiladi. Davlat xizmatchilarini rag‘batlantirishda xodimlarning extiyojlaridan kelib chiqqan holda tatbiq qilish, ularning davlat xizmatiga bo‘lgan ishchanligini oshirishga, o‘z ustida ishlashga sabab bo‘ladi deb hisoblaymiz.

Xulosa o‘rnida takidlash lozimki, davlat xizmatchilariga beriladigan rag‘batlantirish turi sifatida qayd etilmagan pul ko‘rinishidagi mablag‘larni mehnat haqi tizimi sifatida davlat fuqarolik xizmati organlari jamoat shartnomalarida hamda davlat maxsus xizmati organlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarda aks ettirish umumiy mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq bo‘lishiga olib keladi, qolaversa yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolar oldi olinadi.

Donayev Boburjon Inomjon o‘g‘li,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti ma’sul xodimi