Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish har doim davlat va jamiyat hayoti uchun muhim masalalardan biri boʻlib kelgan. Ayniqsa, ekologik muammolar jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan hamda global muammoga aylangan bugungi sharoitda mazkur masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumotlarga koʻra, har yili dunyoda 7 mln kishi havo ifloslanishi taʼsiridan vafot etadi. Gaz ifloslanishidan kelib chiqadigan kasalliklarni davolash uchun yiliga taxminan 1 trln dollar sarflanadi[1]. Har soatda 1692 gektar unumdor yer choʻlga aylanadi[2].

Ekologiya muammosi xalqaro darajada atrof-muhit muhofazasi mavzusi sifatida ilk marotaba 1972-yilda Stokgolmda oʻtkazilgan BMT konferensiyasida muhokama qilingan. Mazkur konferensiyada “Inson farovon va yuqori qadr-qimmatga ega hayotni taqozo etadigan muhitda yashamogʻi lozim” gʻoyasi ilgari surilgan.

1992-yilda Rio-de-Janeyroda oʻtkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit va rivojlanish boʻyicha konferensiyasida ikkita asosiy hujjat – “Rio-de-Janeyro deklaratsiyasi” va “XXI yil uchun kun tartibi”, shuningdek ikkita global ekologik konvensiyalar “Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy Konvensiya” va “Bioxilma xillik boʻyicha Konvensiya” qabul qilingan[3].

Bundan tashqari, BMTning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlari sifatida 1992-yilgi “Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro koʻllarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Konvensiyani, 2003-yilgi “Transchegaraviy kontekstda atrof-muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisidagi konvensiyaga Atrof-muhitni strategik baholash protokoli”ni, 2015-yilgi “Iqlim boʻyicha Parij bitimi”ni va boshqa bir qator hujjatlarini keltirish mumkin.

Shuningdek, BMTning 2015-yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Barqaror rivojlanish boʻyicha sammitida 2030-yilgacha erishish rejalashtirilgan 17 ta maqsaddan iborat Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilingan. Oʻz navbatida, ushbu maqsadlardan 5 tasi (3, 6, 13, 14 va 15 maqsadlar) bevosita ekologiya va atrof-muhitni, insonlarning sogʻligʻini muhofaza qilish masalalariga eʼtibor qaratilgan.

Yurtimizda ham ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikka oid 20 dan ortiq qonunlar va yuzlab qonunosti hujjatlari qabul qilinib, hayotga tatbiq qilinmoqda.

Xususan, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida” gi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisi”gi Qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarning bir qator moddalarida atrof-muhitga zarar yetkazish bilan bogʻliq gʻayriqonuniy huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari belgilab qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan ekologik xavfsizlikka alohida eʼtibor qaratilib, 2020-yil 23-sentyabrdagi BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi soʻzlagan nutqida jahon hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor davrimizning jiddiy muammolaridan biri – global iqlim oʻzgarishlariga toʻxtalib, bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy taʼsirini his etayotganligini, ming afsuski, bunday oʻzgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tugʻdirayotganligi bildirildi.

Ushbu yalpi majlisida hamjamiyat tomonidan Orolboʻyi hududidagi vaziyatga eʼtibor qaratilib, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan takliflar asosida Orolboʻyi mintaqasini “Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus Rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Shuningdek, mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast Fondi tuzildi.

Joriy yilning 20-iyunda davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan oʻtkazgan uchrashuvida ham ekologik xavfsizlikka alohida eʼtibor qaratib, Bosh qomusimizda ushbu yoʻnalishga doir ekologik-huquqiy normalar oʻz aksini topishi hayotiy zarurat ekanini ifodalab berdi.

Prezidentimiz oʻz nutqida: “Tabiatdagi global iqlim oʻzgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani ekologik xavfsizlikni gʻoyat dolzarb masalaga aylantirdi. Shu bois, Konstitutsiyamizda ushbu yoʻnalishga doir ekologik-huquqiy normalar oʻz ifodasini topishi lozim. Hech shubhasiz, bunday konstitutsiyaviy oʻzgarishlar jamiyatimizda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun masʼuliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni yanada kuchaytirish imkonini beradi”, – deya taʼkidladi[4].

Shundan soʻng, joriy yilning 25-iyunida “Oʻzbekton Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi muhokamasi eʼlon qilindi.

Unga koʻra Konstitutsiyaning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartish va qoʻshimchalar, 16 ta normani oʻz ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qoʻshish taklif etilmoqda.

Mazkur loyihada bir qator ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq normalarni koʻrish mumkin.

Xususan, loyihaning 40-moddasida davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi, davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻrishi belgilanmoqda.

Shunindek, “Har kim sogʻlom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega boʻlish hamda oʻz sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi huquqiga ega” degan yangi 401-modda bilan toʻldirish taklif etilmoqda.

Loyihaning 54-moddasida “Mulkdor mol-mulkiga oʻz xohishiga koʻra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak” ligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyihaning 55-moddasini “Yer, yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat mulkida boʻladi. Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham boʻlishi mumkin. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar, oʻrmon fondi davlatga tegishli boʻlib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi” jumlalari bilan toʻldirish taklif etilmoqda.

Xorijiy mamlakatlar (Germaniya, Gretsiya, Italiya, Bolgariya va boshqa davlatlar) konstitutsiyalarida ham ekologik-huquqiy normalar oʻz aksini topganligini koʻrish mumkin.

Jumladan, Gretsiya Konstitutsiyaning 24-moddasiga koʻra, tabiiy va madaniy atrof-muhitni muhofaza qilish davlatning majburiyati hisoblanadi[5].

Germaniya Konstitutsiyasining 20a-moddasida ham davlat atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishi, bugungi va kelajak avlod oldida maʼsul ekanligi belgilangan[6].

Italiya Konstitutsiyasining 9-moddasida davlat mamlakat tabiatini muhofaza qilishi nazarda tutilgan[7].

Bolgariya Konstitutsiyasining 15-moddasida ham davlat atrof-muhitni muhofaza qilishi va takror ishlab chiqarishni, yovvoyi tabiatni saqlashni va uning xilma-xilligini va mamlakatning tabiiy boyliklari va resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlashi belgilangan[8].

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Konstitutsiyada ekologik-huquqiy normalarning oʻz aksini topishi Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash sifatida fuqarolarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlashga, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishga hamda ekologik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

R.Nurmatov
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi


[1] https://news.un.org/ru/story/2021/09/1409462

[2] https://pawsomeadvice.com/environment/environment-statistics/

[3] https://sud.uz/%D1%82%D0%B0%D0%B1%D0%B8%D0%B0%D1%82-%D1%87%D0%B5%D0%BA%D0%BC%D0%B0%D1%81%D0%B8%D0%BD-%D0%B0%D0%B7%D0%B8%D1%8F%D1%82-%D1%91%D1%85%D1%83%D0%B4-%D0%B0%D1%82%D1%80%D0%BE%D1%84-%D0%BC%D1%83%D2%B3%D0%B8/

[4] https://uza.uz/uz/posts/konstituciyaviy-islohotlarimizning-bosh-maqsadi-inson-qadri-xalq-manfaatini-amalda-taminlashdir_383081

[5] https://legalns.com/download/books/cons/greece.pdf

[6] https://legalns.com/download/books/cons/germany.pdf

[7] https://legalns.com/download/books/cons/italy.pdf