Har bir davlat iqtisodiyotida hamda ushbu davlatni dunyo hamjamiyatiga tanitishda turizm sohasining rivojlanganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Butun dunyoda kuzatilgan koronavirus pandemiyasi jahonning boshqa davlatlardagi kabi Oʻzbekistonda ham 2020-2021-yillarda turizm sohasiga sezilarli darajada salbiy taʼsir koʻrsatdi va sohani rivojlanishi ushbu davrda deyarli toʻxtab qoldi.

Koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlari yumshashi va davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning (jumladan, aviaqatnovlarning) tiklanishi munosabati bilan 2022-yildan boshlab yurtimizda turizm sohasi yana rivojlana boshladi.

Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda davlatimiz tomonidan turizm salohiyatini rivojlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, turizm sohasini yanada rivojlantirish va uning mamlakat iqtisodiyotida tutgan oʻrnini oshirish maqsadida 2022-yil fevral oyida yurtimizda Turizm va madaniy meros vazirligi tashkil etildi hamda uning aniq vazifa va funksiyalari belgilab berildi.

Shuningdek, sayyohlarga viza berish tartibi yengillashtirildi, aeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, valyutani bemalol ayirboshlash imkoniyati yaratildi, turizm korxonalari uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer soligʻi va mol-mulk soliq stavkalari 90 foizga kamaytirildi. Mehmon oʻrinlari soni 2017-yilga nisbatan 3 barobar koʻpayib, 125 mingtaga yetdi, mehmonlarni elektron roʻyxatdan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida joriy yilning dastlabki 9 oyida yurtimizga kelgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga koʻpaydi, yil boshidan buyon turizm eksporti hajmi 926 million dollarga yetdi. Yurtimizga kelgan mehmonlarning sayohati oʻrtacha 4-5 kungacha, sarflagan mablagʻi 305 dollargacha koʻpaydi. Ushbu davrda ichki sayyohlar soni ham oʻtgan yilga nisbatan 3,5 baravarga oʻsib, 7,5 million nafarni tashkil qildi[1].

  Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida oxirgi yillarda yurtimizning turli hududlarida turizm markazlari tashkil etilmoqda.  Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2022-yilda Samarqandda tashkil etilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi shunday majmualardan biri hisoblanadi.

Ushbu koʻp tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress markazi, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va koʻplab boshqa inshootlar mavjud. Markaz yiliga 2 million turistga xizmat koʻrsatishi imkoniyatiga ega, bir soʻz bilan aytganda, mazkur markazda turizm sohasini jadal rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.  

Yaqinda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti ham aynan ushbu majmuada oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilning 19-sentyabr kuni davlatimiz rahbari boshchiligida turizm sohasini yanada rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yiligʻishi boʻlib oʻtdi.

Unda yurtboshimiz tomonidan turizm sohasida erishilgan yutuqlar, mavjud muammo va kamchilikar haqida gapirildi, shuningdek, sohani yanada rivojlantirish boʻyicha davlatimiz oldida turgan aniq vazifalar sanab oʻtildi.

Jumladan, uzoq hududlardagi turizm mahallallarida yoʻl, elektr, suv va internet muammosini hal etish boʻyicha dastur ishlab chiqish, mamlakatimiz shaharlari oʻrtasida poyezd va samolyot qatnovlarini koʻpaytirish, turistlar uchun qulayliklarni koʻpaytirish, sohaga oid tartiblarni soddalashtirish zarurligi taʼkidlandi hamda kelgusi yilda 7 million xorijiy va 12 million mahalliy turistlarni jalb qilish, shuningdek, turizm eksportini 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. 

Albatta, sohada mamlakatimiz oldida turgan vazifalarning to‘liq va samarali amalga oshirilishi kelgusida mamlakatimizda turizm sohasining yanada rivojlanishiga, davlatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga hamda yurtimizni dunyo hamjamiyatiga keng tanitishga xizmat qiladi.

Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
masʼul xodimlari Jumayev Qahhor, Avezov Komiljon


[1] Turizm sohasidagi ulkan imkoniyatlar va ulardan foydalanish boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtildi (president.uz)