Mulk huquqi daxlsizligini taʼminlash davlat siyosatining asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Mulk huquqini vujudga keltiruvchi asoslarning qonunchilikda mukammal belgilanishi ushbu vazifani toʻlaqonli amalga oshirishga imkon beradi.

Mol-mulkka egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddatlar esa mulk huquqini vujudga keltiruvchi asoslardan biri hisoblanadi.

Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat mulkiy munosabatlarni tegishli meʼyoriy tartibga solishni taʼminlashga moʻljallangan fuqarolik huquqining klassik vositasi boʻlib, mazkur institut birinchi bor Rim xususiy huquqida paydo boʻlgan. “usurcapio” termini bilan nomlangan ushbu tushuncha mulkka egalik qilish davomiyligi asosida mulkka boʻlgan huquqni qoʻlga kiritishni anglatgan.

Egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat instituti amaldagi qonunchilikda ham nazarda tutilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 187-moddasiga muvofiq, mulkdor boʻlmagan, lekin koʻchmas mol-mulkka oʻn besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida egalik qilgan shaxs ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqini oladi.

Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat boʻyicha mol-mulkka nisbatan mulk huquqini faqat “amaldagi egasi”, yaʼni ashyoga hech qanday asossiz egalik qilayotgan shaxs olishi mumkin. Bunda egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat boʻyicha mol-mulkka nisbatan mulk huquqini olish uchun quyidagi beshta shartlarni bajarish talab etiladi: ashyoga uzoq muddatli, uzluksiz, oshkora, halol va mulkka oʻz mulki kabi egalik qilish.

Oʻz navbatida, barcha fuqarolik huquqi subyektlari (jismoniy va yuridik shaxs, davlat) amaldagi egalarga aylanishlari mumkin.

Koʻchmas va boshqa mol-mulkka davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan mulk huquqi ushbu mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli olgan shaxsda ana shunday roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizdagi mulk huquqi daxlsizligini taʼminlash bilan bogʻliq islohotlarda ushbu muddatlarni takomillashtirish maqsad qilingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi qabul qilingan “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF – 198-son Farmonida mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatlarni qayta koʻrib chiqish belgilangan.

Farmon ijrosi yuzasidan ishlab chiqiladigan qonun loyihasida mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatlarni qisqartirish, mol-mulk joylashgan hudud va ushbu mol-mulkka egalik qilib kelayotgan shaxsning doimiy yashash joyiga nisbatan egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi differensial muddatlarni belgilash, egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatlar asosida mulk huquqi qaysi holatlarda sud tomonidan va qaysi holatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan eʼtirof etilishini belgilash rejalashtirilgan.

Xorijiy davlatlar qonunchiligida mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatlar bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish boʻyicha oʻziga xos xususiyatlar mavjud.

Xususan, Avstriya qonunchiligiga muvofiq, mulkka qonuniy, insofli, real va davomiy egalik qilish talab etiladi. Egalik qilish muddati davomiyligi koʻchar ashyolarga nisbatan uch yilni, koʻchmas mulkka nisbatan esa, u roʻyxatdan oʻtkazilmagan hamda sud hujjatlari asosida egalik qilish tasdiqlangan hollarda, oʻttiz yilni tashkil etadi.

Xorvatiyada mustaqil egallovchining mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida mulk huquqini qoʻlga kiritishi qonuniy va insofli boʻlsa, ushbu muddat koʻchar ashyoga nisbatan uch yilni, koʻchmas mulkka nisbatan oʻn yilni tashkil qiladi. Agar mustaqil egallovchining mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida mulk huquqini qoʻlga kiritishi kamida insofli boʻlsa, ashyoga egalik qilish muddatining davomiyligi koʻchar ashyoga nisbatan oʻn yilni, koʻchmas mulkka nisbatan yigirma yilni tashkil qiladi.

Polshada egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat davomiyligi shaxsning insofli yoki insofsiz ekanligining tan olinishi bilan farqlanadi. Jumladan, insofli mustaqil egallovchi koʻchar ashyoga nisbatan mulk huquqini uch yildan keyin qoʻlga kiritishi mumkin. Insofsiz egallovchi esa koʻchar ashyoga nisbatan mulk huquqini qoʻlga kirita olmaydi. koʻchmas ashyoga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlish muddati insofli egallashda yigirma yilni, insofsiz egallashda oʻttiz yilni tashkil etadi. Insofli yoki insofsiz egallash masalasi sud tomonidan hal etiladi. 

Qirgʻiziston qonunchiligida mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida mulkka nisbatan mulk huquqini tan olish faqat sud tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda taʼkidlash lozimki, mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatlarning takomillashtirilishi ushbu sohadagi munosabatlarning yanada mukammal tartibga solinishiga, mulk daxlsizligining taʼminlanishiga yordam beradi.

Otabek Toshev
Zafar Ergashev
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot institutining masʼul xodimlari