Joriy yilning 22-sentabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo’shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to’g’risida” Qarori qabul qilindi.

Mazkur Qaror bilan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo’lgan aholi qatlamini qo’llab-quvvatlash bo’yicha bir qator muhim qulayliklar yaratildi.

Birinchidan, Qarorga muvofiq, 2023 yil 1-yanvardan uy-joy uchun subsidiya berilgan fuqarolarning ipoteka kreditlari va ularning foizlari uchun yo’naltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig’iga tortilmaydi, bunda ushbu imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to’lash eng kam miqdorining 80 baravari (73 600 000 so’m)dan oshmagan qismiga tatbiq etiladi.

Amaldagi Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan, olingan ipoteka kreditlarini va ular bo’yicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami 15 mln. so’mgacha miqdorini qoplashga yo’naltiriladigan qismi daromad solig’iga tortilmaydi.

Yangi tartibga ko’ra, fuqarolarning ipoteka kreditlari va ularning foizlarini to’lash uchun daromad solig’iga tortilmaydigan ish haqi va boshqa daromadlarining miqdori sezilarli darajada oshirilmoqda (73,6 mln. so’mgacha).   

Ikkinchidan, 2022 yil 1-noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga bo’lingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlari va subsidiya ajratishga ruxsat beriladi.

Amaldagi tartibga ko’ra, birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun kredit olish va subsidiya ajratishning asosiy talablaridan biri – bu sotib olinadigan kvartira yashash uchun tayyor holda, ya’ni 100% ta’mirlangan bo’lishi kerak. Endilikda, aholiga qulaylik yaratish maqsadida ushbu talab bekor qilinmoqda va mazkur jarayon soddalashtirilmoqda.

Uchinchidan, fuqarolarga 2021 yilda berilgan subsidiya ajratish to’g’risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022 yil 31-dekabrgacha uzaytiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25-martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to’lash tartibi to’g’risida”gi Nizomning 42-bandiga asosan, subsidiya ajratish to’g’risidagi xabarnomaning amal qilish muddati 12 oy etib belgilangan.

Biroq, 2021 yilda subsidiya ajratilishiga ruxsat olgan fuqarolar ta’mirlangan tayyor uy topishlari uchun uzoq vaqt sarflash hamda ko’plab quruvchi tashkilotlar subsidiya shartlariga rozi bo’lmayotganligi bilan bog’liq muammolarga duch kelayotgan edilar.

Yuqoridagi qaror bilan 2021 yilda berilgan subsidiya ajratish to’g’risidagi xabarnomalarning amal qilish muddatini istisno tariqasida 2022 yil oxirigacha uzaytirish o’z navbatida sanab o’tilgan muammolarni bartaraf etishga qo’shimcha imkon beradi.           

Bundan tashqari, Qarorning 6-bandiga muvofiq, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari tomonidan yil yakuniga qadar uy-joylar va ipoteka krediti olishda fuqarolarga qo’shimcha qulayliklar yaratish uchun viloyatlar markazlarida ipoteka markazlari tashkil etiladi hamda ushbu ipoteka markazlarida hududda uy-joy qurilishini amalga oshirayotgan qurilish tashkilotlarining sotuv ofislari, tijorat banklarining bank burchagi va kassalari hamda xususiy notarial idoralar joylashtiriladi.

Ta’kidlash joizki, ilgari bunday markazlar viloyatlarda mavjud emas edi. Endilikda, ushbu yangi markazlar orqali fuqarolarga ipoteka xizmatlari ko’rsatishning yangicha tizimi yaratiladi hamda aholi uy-joyni sotib olish, oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish va uy narxini to’lash kabi masalalarni bir joyda hal qilish imkoniyatiga ega bo’ladi. 

Shuningdek, ushbu qaror bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir hafta muddatda aholiga uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish hamda ipoteka krediti ajratish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinishi nazarda tutilgan.

                Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimlari
Qahhor Jumaev, Komiljon Avezov