
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Prokuratura organlarining asosiy vazifasi sifatida mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish yuklatilgan.
Hozirda prokuratura majburlovchi yoki jazolovchi emas, balki avvalo, insonlarning buzilgan huquqlarini tiklovchi va qonunlarning oʻz mamlakat doirasida qanday amal qilayotgani hamda uning ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi.
Shu sababli prokuratura organlari faoliyatining shaffofligi va jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish hamda prokuratura xodimlarining malakasini uzluksiz oshirishga qaratilgan xalqaro standartlarga moslashtirish lozim.
Xalqaro standartlarga asosan prokuratura faoliyatining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish talab etiladi. Venetsiya Komissiyasining 2010-yildagi sud tizimining mustaqilligi boʻyicha Yevropa standartlari toʻgʻrisidagi hisobotining ikkinchi qismida prokuratura faoliyatining sudlar tomonidan tekshirilishi hisobdorlik shaklini keltirib chiqarishi, prokuraturaning boshqa davlat organlari singari davlat xarajatlari uchun hisobdor ekanligi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuni 14-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati oldida hisobdorligi belgilangan.
Shu bilan birgalikda, mazkur Qonunda prokuraturaning sud oldidagi hisobdorligi, davlat mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha tegishli davlat organiga hisobdorligi nazarda tutilmagan.
Xorijiy davlatlarda, xususan, Litva va Gruziya qonunchiligida prokuraturaning sud va davlat audit xizmati oldida hisobdorligi belgilangan.
Litva Respublikasining “Prokuratura xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni 4-moddasida, Bosh prokurorning Prezidentga va Seymiga[1] hisobdorligi belgilangan. Bosh Prokuror prokuraturaning dastlabki tergovga oid boʻlmagan faoliyati yuzasidan Hukumatga maʼlumot taqdim etadi. Prokurorlarning dastlabki tergov faoliyati yuqori prokurorlar va sud tomonidan nazorat qilinadi. Bosh prokuratura va tegishli quyi prokuraturalarning iqtisodiy va moliyaviy faoliyatlari Litvaning Milliy audit idorasi va boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan nazorat qilinadi.
Shuningdek, Gruziya Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunining[2] 69-moddasida prokuraturaning inson huquq va erkinliklarini cheklovchi tergov va jinoyat protsessual harakatlari sudning ruxsati asosida qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu Qonunning 70-moddasiga koʻra, prokuratura organlari uchun ajratilgan davlat mablagʻlarini sarflash yuzasidan nazorat Davlat audit xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Shu bilan birgalikda, xalqaro standartlar asosida prokuratura organlari faoliyatiga oid hisobotlarining shaffofligini oshirish kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuni 14-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga qonuniylik hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning holati toʻgʻrisida muntazam ravishda, oʻta ogʻir jinoyatlar va favqulodda hodisalar toʻgʻrisida zudlik bilan hamda prokuratura organlari amalga oshirgan ishlar toʻgʻrisida har olti oyda axborot taqdim etib borishi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga oʻz faoliyati haqida muntazam ravishda hisobot berishi belgilangan.
Shu bilan birgalikda, ushbu Qonunda Bosh prokurorning prokuratura organlari faoliyati boʻyicha hisobotlarning Bosh prokuraturaning rasmiy saytiga joylashtirilishiga oid qoidalar belgilanmagan.
Ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasida Bosh prokurorning prokuratura organlari faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarining ochiq boʻlishi nazarda tutilgan. Jumladan, Litva Respublikasining “Prokuratura xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni 4-moddasida Bosh prokurorning Seymga taqdim etgan prokuratura faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarini prokuratura xizmatining rasmiy saytiga joylashtirishi belgilangan.
Kanada davlatining “Davlat prokuratura xizmati direktorining lavozimi toʻgʻrisida”gi Qonuni[3] 16-moddasida direktorning prokuratura xizmati faoliyati yuzasidan Adliya vaziriga har yili hisobot berishi lozimligi belgilangan. Mazkur yillik hisobotlarni, shuningdek, moliyaviy hisobotlarni, ichki audit hisobotlarini Kanada davlat prokuratura xizmatining rasmiy saytidan[4] olish mumkin.
Shuningdek, Avstraliya davlatining Davlat prokuraturasi direktorining yillik hisobotlarini Avstraliya Federal prokuratura xizmatining rasmiy saytidan[5] olish mumkin.
Shu bilan birgalikda, xalqaro standartlarga asosan prokuratura xodimlari malakasini uzluksiz oshirishni taʼminlash lozim. Yevropa Komissiyasi tomonidan qabul qilingan 2011-yildagi sud tizimi xodimlarini kasbiy qayta tayyorlash boʻyicha Yevropa strategiyasida[6] barcha amaliyotchi yuristlarning uzluksiz tarzda malakasini oshirish lozimligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasida prokuratura organlari xodimlarining uzluksiz malakasini oshirish tartibi mavjud emas. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5438-son Farmonida prokurorlarning uzluksiz malakasini oshirish masalasi belgilanmagan.
Mazkur Farmonning 3-bandi “b” kichik bandida prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish davriyligi har uch yilda kamida bir marta tashkil etilishi belgilangan.
Prokurorlar malakasini uzluksiz oshirish tartibi prokurorlarni kasbiy faoliyatdan ajratmagan holda, joriy islohotlar va qonunchilik yangiliklari bilan tanishtirib borish, ularning kasbiy koʻnikma va malakalarini takomillashtirish, prokuror-tergov ishining ilgʻor yutuqlarini oʻrgatish, shuningdek, prokuratura organlari xodimlari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan.
Yevropaning 19 ta davlatlarida xususan, Belgiya, Bolgariya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Italiya, Latviya, Litva va Polsha davlatlarida amaliyotchi yuristlarni, shu jumladan, prokurorlarni uzluksiz malakasini oshirish tartibi mavjud[7].
Litva Respublikasining “Prokuratura xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni 32-moddasida prokurorlarning malakasini uzluksiz oshirish (in-service training), yaʼni ularning kasbiy bilim va koʻnikmasini doimiy ravishda yaxshilash belgilangan. Prokurorlarning malakasini uzluksiz oshirish Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan tashkillashtiriladi. Prokuratura organi prokuratura xodimini ishdan ajralmagan holda qayta tayyorlanishiga ruxsat berishi lozim.
Shuningdek, Polsha davlatining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuni[8] 98-moddasida prokurorlarning doimiy ravishda kasbiy malakasini uzluksiz oshirishga, shu jumladan, malaka oshirish kurslariga qatnashishga majburligi belgilangan.
Polsha davlatining xalqaro hamkorlik va uzluksiz malaka oshirish markazi prokuror va sudyalarning malakasini uzluksiz oshirishga masʼuldir. Markazning malaka oshirish kurslari turli huquqiy masalalar, xususan, oxirgi muammoli normativ huquqiy hujjatlar muhokamasini hamda qonunga aloqasi boʻlmagan boshqa masalalar, shu jumladan, kasb etikasi, iqtisodiyot, sotsiologiya, omma oldida nutq soʻzlashni qamrab oladi[9].
Yuqorida qayd etilgan muammoli masalalarni hal qilish maqsadida quyidagilar taklif qilinadi:
1) “Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish hamda ushbu loyihada prokuraturaning sud oldidagi hisobdorligi, davlat mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha hisobdorligiga oid normalarni kiritish;
2) prokuratura faoliyatining shaffofligini taʼminlash maqsadida Bosh prokuror va boshqa tegishli prokurorlarning prokuratura organlari faoliyati boʻyicha hisobotlarini Bosh prokuraturaning rasmiy saytiga joylashtirish tartibini joriy etish;
3) prokuratura organlari xodimlarining uzluksiz malakasini oshirish tartibini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PF-5438-son Farmoniga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, mazkur takliflar prokuratura organlari faoliyati xalqaro standartlar asosida asosan takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa, mamlakatimizda prokuratura organlarning qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilishga olib keladi.
Otabek Toshev
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi
[1] Litva Respublikasi parlamenti
[2] Organic law of Georgia on the prosecutorʻs office // https://matsne.gov.ge/en/document/view/4382740?publication=2
[3] An Act respecting the office of the Director of Public Prosecutions // https://laws-lois.justice.gc.ca/eng/acts/D-2.5/FullText.html
[4] Public Prosecution Service of Canada // https://www.ppsc-sppc.gc.ca/eng/pub/fr-rf/index.html
[5] Australiaʻs Federal Prosecution Service // https://www.cdpp.gov.au/publications?field_publication_type_tid%5B0%5D=21
[6] Communication from the Commission to the European Parliament, the Council, the European Economic and Social Committee and the Committee of the Regions, Building Trust in EU-wide
Justice – A new dimension to European judicial training, COM(2011) 551,
http://eur lex.europa.eu/legalcontent/EN/TXT/PDF/?uri=CELEX:52011DC0551&from=EN.
[7] The Training of Judges and Legal Practitioners — Ensuring the Full Application of EU Law // https://www.europarl.europa.eu/RegData/etudes/IDAN/2017/583134/IPOL_IDA(2017)583134_EN.pdf
[8] Act of Pland on the public prosecutorʻs office // http://isap.sejm.gov.pl/isap.nsf/download.xsp/WDU20160000177/U/D20160177Lj.pdf
[9]National School of Judiciary and Public Prosecution // https://www.kssip.gov.pl/angielski