
Jinoyat koʻchasiga kirgan va ayni paytda sud tomonidan tayinlangan qamoq jazosini oʻtayotgan shaxslar ham avvalo inson. Binobarin, ularning ham oʻziga yarasha huquqlari bor. Shunday huquqlardan biri bu saylovda qatnashish huquqidir.
Bugungi kunda 173 ta davlat 1966-yil 16-dekabrda Nyu-York shahrida qabul qilingan “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida”gi xalqaro paktda ishtirokchi hisoblanadi[1]. Mazkur davlatlar qatorida 1995-yildan boshlab Oʻzbekiston ham bor.
Ushbu Xalqaro paktning 2-moddasida yozilishicha, har bir ishtirokchi davlat oʻz hududida turgan va oʻz yurisdiksiyasi ostida boʻlgan barcha shaxslarning ushbu paktda eʼtirof etilgan huquqlarini hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tugʻilishi yoki oʻzga holatidan qatʼi nazar hurmat qilish va taʼminlash majburiyatini oladi.
Bundan tashqari, paktning 25-moddasida har bir fuqaro yalpi teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali oʻtkaziladigan va saylovchilarning erkin xohish-irodasini taʼminlaydigan chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi davlatlarning ushbu xalqaro paktga rioya qilishini nazorat qilib, mahbuslarga ovoz berishni taʼqiqlaydigan davlatlarni tanqid qilib keladi[2].
Muammo nimada?
Shu kunga qadar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEHXT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Saylovni kuzatish missiyasi tomonidan Oʻzbekistonda oʻtkazilgan har bir saylov yakuni boʻyicha tayyorlangan hisobotlarda mahkumlarning saylov huquqi taʼminlanmaganligi qayd etib kelingan.
Xususan, 2016-yil 4-dekabr kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha ushbu tashkilot vakillarining yakuniy hisobotida shunday deyilgan edi:
«Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar, qilgan jinoyati ogʻirligidan qatʼiy nazar, Prezident saylovida qatnashmaydilar. Aqli zaiflik yoki hukm etilganlik tufayli saylash huquqiga cheklovlar oʻrnatish YEXHT majburiyatlari va boshqa xalqaro standartlarga toʻgʻri kelmaydi”[3].
Haqiqatdan ham oʻsha vaqtlarda sudlar tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar va sodir etgan qilmishining ogʻir yoki yengilligidan qatʼi nazar, qamoqda jazo oʻtayotgan barcha shaxslar saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etilgandi[4].
Shundan soʻng, 2019-yil 4-sentyabrdagi OʻRQ-563-sonli Qonun bilan Konstitutsiyamizning 117-moddasiga oʻzgartirish kiritilib, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmasligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi qoida kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga asosan jinoyatlar oʻz xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga koʻra: ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarga boʻlinadi. Ogʻir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Oʻta ogʻir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi (Jinoyat kodeksi 15-modda).
2021-yil 24-oktyabr kuni Oʻzbekistonda navbatdagi prezidentlik saylovi boʻlib oʻtdi. Har doimgidek butun dunyodan kuzatuvchilar yetib keldi. YEHXTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Saylovni kuzatish missiyasi saylov jarayonlariga nisbatan bergan hisobotida mahbuslarning saylov huquqlari taʼminlanmaganligini bu safar ham tanqid qildi. Jumladan, kuzatuvchilarning oraliq hisobotida shunday deyilgan edi:
«Ogʻir jinoyatlar uchun qamoq jazosini oʻtayotgan mahbuslar, shuningdek sud tomonidan, jumladan aqliy va ruhiy sabablarga koʻra layoqatsiz deb topilgan fuqarolar ovoz berish huquqiga ega emasligi demokratik saylovga tegishli xalqaro standartlarga zid”[5].
Nima qilish kerak?
Bizningcha, qonunchilarimiz mahkumlarning saylovlarda ovoz berish masalasini yana bir marta kun tartibiga olib chiqishi kerak. Mahbuslarning siyosiy huquqlarini cheklash borasidagi amaldagi tartiblarni biroz oʻzgartirish, yaʼni mahbuslarning saylov huquqlarini cheklash – tayinlangan jazo muddatidan kelib chiqib emas, sodir etilgan aniq jinoyatlar toifalarini belgilash orqali amalga oshirish lozim.
Masalan, amaldagi tartib boʻyicha transport vositasini olib qochgan shaxs besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin (JK 267-modda). Basharti ish holatlaridan kelib chiqib sudya ushbu jinoyatchiga 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida hukm chiqarsa, bu mahkum toki jazoni oʻtab chiqmaguncha birorta saylovda qatnasha olmaydi. Agar mantiqqa murojaat qiladigan boʻlsak, ushbu jinoyatchining qilmishi davlat boshqaruviga, konstitutsiyaviy tuzum asoslariga va demokratik tartiblarga qarshi qaratilmaganligini, qilmishi uchun jazosini oʻtashi uning kelajagi uchun tanlov qilish huquqidan mahrum etmasligi kerakligi ayon boʻladi.
Bizningcha, mahbuslarning saylov huquqi masalasida tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar hamda Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar kabi siyosiy motivlar bilan bogʻlangan jinoyatlarni sodir etgan mahbuslardan boshqa barchaga saylov huquqi berilishi lozim.
“Velosipedni qaytadan ixtiro qilish” shart emas
Xorijiy davlatlardan 18 tasida mahkumlarning saylovda ovoz berish huquqi umuman cheklanmagan[6]. Ular qatorida Albaniya, Daniya, Finlyandiya, Shveysariya, Shvetsiya, Xorvatiya, Kanada, Avstriya, Isroil, Ispaniya, Latviya, Litva, Ukraina, Chexiya Respublikasi va Serbiya kabilar bor.
Shu bilan birga, Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSH, Islandiya, Portugaliya va Polsha davlatlarida ayrim turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslar uchungina saylovlarda ovoz berish huquqi cheklangan. Xususan:
Germaniyada tinchlikka qarshi, davlatga qarshi, milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi jinoyatlar, konstitutsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etgan mahkumlar ikki yildan besh yilgacha Bundestag saylovlarida ishtirok etishdan chetlashtiriladi[7].
Norvegiyada davlatgayokidemokratik qadriyatlarga qarshi jinoyat sodir etgan mahkumlardan boshqa barcha fuqarolarning saylov huquqi kafolatlangan[8].
Portugaliyada davlatga yoki demokratik tartiblarga qarshi qaratilgan jinoyat sodir etgan mahbuslarning saylov huquqi cheklanib, boshqa holatlarda saylov huquqini cheklash maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligini faqatgina sud hal qiladi[9].
Mahbuslarning saylov huquqi cheklansa, ular oʻzlari saylamagan deputatlar tomonidan qabul qilinadigan qonunlarga boʻysunishi, oʻzlari saylamagan prezident tomonidan olib borilayotgan siyosatni oʻz tanalarida his qilishlariga toʻgʻri keladi.
Ushbu masalaga har bir mahbusning avvalo inson va fuqaro ekanligi, har bir fuqaroga esa siyosiy tanlov imkoniyati berilishi kerakligi, qolaversa mahbuslarga bildirilgan “siyosiy ishonch” ularda qonunlarga nisbatan hurmat hissini uygʻotishi, jamiyatdagi mavjud tartiblarga amal qilishda ragʻbat uygʻotishi nuqtayi nazaridan qaralsa, qay darajada ahamiyatli ekanligi yanada oydinlashadi.
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi
Bektursun Murodqosimov
[1]https://indicators.ohchr.org/
[2]United Nations, Concluding Observations of the Human Rights Committee: United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland. CCPR/CO/73/UK; CCPR/CO/73/UKOT, 6 Dec 2001, para. 10.
[3]https://www.osce.org/files/f/documents/2/9/327271.pdf
[4]https://lex.uz/docs/-20596?ONDATE=01.07.2004%2000#-2371533
[5]https://www.osce.org/files/f/documents/1/b/500518.pdf
[6]https://www.oscepa.org/en/news-a-media/op-eds/in-debate-on-prisoner-voting-rights-don-t-forget-international-commitments
[7]https://insidetime.org/prisoner-voting-in-europe/
[8]https://prisonreformtrust.org.uk/wp.content/uploads/old_files/Documents/Consultation%20responses/Welsh%20Equality,%20Local%20Government%20and%20Communities%20Committee%20inquiry%20into%20voting%20rights%20for%20prisoners.pdf
[9]https://www.oscepa.org/en/news-a-media/op-eds/in-debate-on-prisoner-voting-rights-don-t-forget-international-commitments