Bugungi globallashuv va iqtisodiy integratsiya jarayonida xorijiy davlatlar bilan eksport-import munosabatlarini yoʻlga qoʻyish va sohani doimiy rivojlanishini taʼminlash maqsadida zarur shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham davlatimizning eksport salohiyatini rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim vazifalar belgilab olingan. Jumladan, barcha imkoniyatlardan foydalangan holda 2026-yilda respublika eksport hajmini 30 mlrd. AQSH dollariga yetkazish (2021-yilda ushbu ko’rsatkich 16 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan), 2026-yil oxirigacha eksportchi korxonalar sonini joriy yil boshidagi 6,5 mingtadan 15 mingtaga oshirish, xususiy sektorning eksportdagi ulushini 60% gacha yetkazish, shuningdek, tovarlarning eksport geografiyasini 115 ta давлатdan 150 taga yetkazish maqsad qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, oxirgi 3 yilda eng koʻp mahsulotlar Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Tojikiston, Kanada va Eron kabi davlatlarga eksport qilingan. 

Oltin (ishlov berilmagan yoki yarim ishlov berilgan holda), paxta ipi, transport xizmati, neft-gaz mahsulotlari, tozalangan va tozolanmagan mis qotishmalari, bugʻdoy va javdar uni, birlamchi shakldagi polimer etilonlari, yengil avtomobil, quritilgan va tozalangan dukkakli mahsulotlar va hoʻl mevalar eng koʻp eksport qilingan mahsulotlar boʻlgan.

Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda yurtimizda eksportni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2019-yilda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni ragʻbatlantirish agentligi, xuddi shu yili nodavlat notijorat tashkiloti shaklida “Oʻzbekiston eksportchilari” uyushmasi tashkil etildi, shuningdek, 2020-yildaEksportni ragʻbatlantirish agentligi huzurida Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. Shu bilan birga, oʻtgan davr mobaynida eksportchi korxonalarga koʻplab soliq va bojxona imtiyozlari berildi, xorijiy davlatlarda tashkil etilgan biznes-forumlar va anjumanlarda ishtirok etishiga koʻmaklashildi hamda eksport bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.

Eksport sohasini rivojlantirish va soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotganligiga qaramasdan o’tkazilgan o’rganish va amaliyot bugungi kunda ushbu sohada bir qator muammolar saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda.

Birinchidan, eksport qiluvchi korxonalarning bank xizmatlaridan foydalanishdagi toʻsiqlar soha vakillarining oʻz mahsulotlarini eksport qilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.  

Texnologiyaning rivojlanishi natijasida hamda pandemiya davridan keyingi bosqichda koʻplab tadbirkorlarimiz (asosan, axborot texnologiya sohasidagi korxonalar, dizaynerlar, hunarmandlar, rassomlar) onlayn (internet) magazinlar ochib, oʻz mahsulotlarini xorijiy fuqarolar (mizojlar)ga masofadan sotishni boshladilar. Biroq, ushbu jarayonda ular muammolarga duch kelmoqdalar. Xususan, soha vakillari oʻz mahsulotlarini onlayn sotish uchun sayt yaratib, unga bank internet-ekvayring xizmati (terminalsiz onlayn toʻlovlarni qabul qilish)ni ulash uchun banklarga murojaat qilganda, koʻpchilik banklar ularga ushbu xizmatni ulab berishni rad etmoqdalar.

Eksportchi korxonalar vakillarining maʼlumotiga koʻra, rad etish sabablari quyidagicha tushuntirilmoqda, birinchidan, koʻpchilik banklarda ushbu xizmat mavjud emas, ikkinchidan,onlayn-magazin (sayt) “uz” domenidan boshqa domenda ochilganligi sabablibank-ekvayring xizmatini ulab berish banklar tomonidan rad etilmoqda.

Natijada, milliy korxonalarimiz oʻz mahsulotlarini sotish uchun boshqa davlatlardagi banklar xizmatidan foydalanishga va toʻlovlarni ushbu banklar orqali qabul qilishga majbur boʻlmoqdalar. Bu esa, soha vakillari uchun ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarmoqda, bundan tashqari, boshqa davlatlardagi banklar xizmatidan foydalanib, toʻlovlarni qabul qilish Oʻzbekiston uchun eksport boʻlib hisoblanmaydi.

Boshqa tomonidan, xorijiy davlatlar hududida “uz” domeniga kirish ancha qiyin boʻlgani uchun hamda mijozlarga saytdan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida eksportchi korxonalar nisbatan yuqori darajadagi domenlardan (masalan “.com”, “.biz” “.trade”) foydalangan holda oʻz saytlarini yaratmoqdalar. Biroq, saytni yaratib boʻlganidan keyin, bank xizmatidan foydalanishda yuqoridagi kabi muammoga duch kelmoqdalar. Ushbu muammo ham milliy korxonalarimizning eksport salohiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, onlayn tijoratning rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Ikkinchidan, eksport qiluvchi korxonalarning transport xarajatlari qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida toʻlab berilmayotganligi ushbu korxonalarning eksport salohiyatiga va moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 04.10.2021-yildagi 618-son Qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 2-bandiga asosan, mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 50% gacha qismi davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan vakolatli organ (Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag’batlantirish agentligi) orqali qoplab berilishi nazarda tutilgan.

Yuqoridagi Nizomning 1-ilovasida tashish xarajatlarining bir qismini davlat budjetidan qoplab berish mexanizmi belgilangan. Unga koʻra, eksport qiluvchi transport xarajatlarini bir qismini qoplash boʻyicha murojaat qilgan kundan boshlab 7 ish kuni ichida vakolatli organ xarajatlarni bir qismini qoplash boʻyicha qaror (xulosa) qabul qiladi va har hafta yakuni boʻyicha kelasi haftaning birinchi ish kunida subsidiya ajratish boʻyicha buyurtmanomalarni tayyorlaydi hamda toʻlab berish uchun Moliya vazirligiga taqdim etadi, vazirlik buyurtmanomaga asosan 2 ish kuni ichida davlat byudjetidan subsidiya ajratadi, subsidiya boʻyicha ajratilgan mablagʻ gʻazna hisobvaragʻiga tushgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan eksport qiluvchi korxonaning bankdagi hisob raqamiga oʻtkazib beriladi (jami 16 ish kunida toʻlab berilishi kerak). 

Biroq, “Oʻzbekiston eksportchilar” uyushmasining maʼlumotiga koʻra, ushbu muddat (jarayon) turli obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra, 1 oygacha, baʼzida 2 oygacha choʻzilib ketmoqda, bu esa eksport qiluvchi korxonalarning noroziliklariga sabab boʻlmoqda va ularning moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Eksport qiluvchi tomonidan oʻz murojaatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beruvchi yagona elektron platformaning yo’qligi sababli ular murojaatlarini koʻrib chiqish qaysi bosqichda turganligini va qaysi organda nima sababdan kechikayotganligini kuzatib bora olmayaptilar.  

Yagona elektron platformaning yaratilishi vakolatli organ xodimlarining masʼuliyatini oshiradi hamda murojaatlar boʻyicha tegishli harakatlarni tizimda belgilangan qat’iy muddatlarda amalga oshirish majburiyatini yuklaydi, natijada eksport qiluvchi korxonalarning qonunchilikda belgilangan miqdordagi transport xarajatlari oʻz vaqtida toʻlab berilishi taʼminlanadi.

Uchinchidan, bojxona postlarining taʼmirtalabligi eksport qilinadigan tovarlarning bojxona postlarida uzoq muddat qolib ketayotganligiga sabab boʻlmoqda.

Bugungi kunda respublikaning bojxona postlari orqali katta miqdordagi yuklar xorijiy mamlakatlarga olib chiqib ketilmoqda. Biroq, bojxona postlarida tez-tez yuk mashinalarining katta tirbandliklari yuzaga kelmoqda va buning natijasida yuk mashinalari uzoq vaqt post atrofida turib qolishga majbur boʻlmoqda. Bu esa, tez buziluvchi mahsulotlarning sifatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda va eksportyorlarning xorijiy hamkorlari bilan mahsulotning sifati borasida kelishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

Oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil buning asosiy sababi bojxona postlaridagi yuk mashinalarini tekshirish uskunalarining ancha eskirganligi va taʼmirtalabligi natijasida yetarli darajada tez ishlamasligida hamda ayrim mavsum vaqtlarida (asosan yoz va kuz fasllarida) bojxona postidagi xodimlar sonining yetishmasligida ekanligini koʻrsatmoqda.  

Bundan tashqari, bojxona postlaridagi koʻplab avtoturargohlarda yongʻin xavfsizlik vositalari (suv hovuzlari, oʻt oʻchirish shitlari)ning mavjud emasligi avtoturagohdagi yuzlab yuk avtomobillarini ehtimoliy yongʻin sodir boʻlganda katta havf ostida qolishiga olib keladi.

To’rtinchidan, “Importyor korxonalar qora roʻyxati”ning mavjud emasligi sababli koʻpgina milliy eksport qiluvchi korxonalar xorijiy hamkorlarga aldanib qolmoqda va katta miqdorda moliyaviy yoʻqotishlarga duch kelmoqda.  

Oxirgi yillarda boshqa davlatlar bilan oʻzaro ikki taraflama aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi va onlayn tijoratning rivojlanishi natijasida milliy korxonalarimizning eksport hajmi va miqdori sezilarli darajada ortib bormoqda.

Ushbu jarayonda tadbirkorlarimiz shartnoma tuzib, xorijiy hamkorlariga mahsulotlarni oldindan yetkazib bermoqda yoki shartnomalar boʻyicha mahsulotlar narxini oldindan toʻlab bermoqda. Biroq, keyingi bosqichda moliyaviy qiyinchiliklar bilan bogʻliq jiddiy muammolarga duch kelmoqdalar. Yaʼni, koʻp hollarda xorijiy kompaniyalar tomonidan narxi oldindan toʻlab berilgan mahsulotlarni yetkazib bermaslik yoki aksincha, yetkazib berilgan mahsulotlar narxini toʻlab bermaslik holatlari kuzatilmoqda. Buning natijasida, milliy tadbirkorlarimiz katta miqdorda moliyaviy zarar koʻrmoqda, bundan tashqari, oʻz pulini va mahsulotlarini qaytarish maqsadida xorijiy hamkori bilan sudlashishga va natijada oʻzining juda koʻp vaqtini yoʻqotishi (sarflashi)ga sabab boʻlmoqda. Bu esa, ularning eksport faoliyatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.  

Tashqi savdo munosabatlarida bu kabi salbiy oqibatlarning vujudga kelishiga, birinchidan, ushbu xorijiy korxonalarning halol tadbirkorlik maqsadida emas, balki firibgarlik maqsadida tuzilganligi sabab boʻlayotgan boʻlsa, ikkinchidan, yurtimizda vakolatli davlat organlarida “Importyor korxonalar qora roʻyxati”ning mavjud emasligi hamda buning natijasida milliy korxonalarimiz oʻz hamkorlari haqida yetarli va ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlmasdan oʻzaro savdo munosabatlariga kirishayotganligi sabab boʻlmoqda.   

Vakolatli davlat organi tomonidan “Importyor korxonalar qora roʻyxati”ning shakllantirilishi tashqi savdo munosabatlarida yuqoridagi kabi sabliy oqibatlarning oldini olishga hamda milliy eksport qiluvchi korxonalarimizning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Ushbu qora roʻyxatni esa Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va vakolatxonalari tomonidan mazkur xorijiy davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro hamkorlik qilinishi natijasida olinadigan maʼlumotlar asosida shakllantirish mumkin boʻladi.

Beshinchidan, eksport qiluvchi korxonalarga ajratiladigan kredit muddatining nisbatan qisqaligi ularning kelajakdagi moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21.10.2020-yilda qabul qilingan “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining 5–bandiga asosan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 1 million AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda (yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollaridan oshgan eksport qiluvchi korxonalarga 5 million AQSH dollarigacha ekvivalentda) hamda 1 yilgacha muddatga taqdim etiladi.     

Yaʼni, mavjud tartibga koʻra, Agentlik va tijorat banklari oʻrtasida bosh kelishuv tuziladi va ushbu kelishuvga muvofiq, tadbirkor eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari yoki eksport faoliyati uchun kredit olish maqsadida banklarga murojaat qilganda, tijorat banklari Agentlik tomonidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan eksport qiluvchi korxonalarga 1 yilgacha muddatga kredit ajratadi.

Biroq, eksport qiluvchi korxonalar vakillari hamda “Oʻzbekiston eksportchilar” uyushmasi masʼul xodimlari bilan suhbatlashilganda, ushbu muddat (1 yilgacha) biroz qisqa ekanligini va koʻp hollarda ajratilgan kreditlarni 1 yil muddatda qaytara olmayotganliklarini bildirishdi. 

Chunki, tadbirkor xorijiy hamkori bilan shartnoma tuzib, uni sugʻurta qildirishi, mahsulotni yetkazib berishi, shuningdek, xorijiy hamkor tomonidan mahsulot haqi toʻlab berilishi (baʼzida toʻlovni amalga oshirish obyektiv sabablar tufayli ancha kechikishi) hamda taraflarga bogʻliq boʻlmagan boshqa holatlar uzoq vaqtni talab etishi sababli, ajratilgan kreditni 1 yilga qaytarish imkoni boʻlmayotganligini maʼlum qilishdi. 

Oʻz navbatida, kredit vaqtida qaytarilmagandan soʻng bank tomonidan tadbirkorni sudga berish hollari hamda aksariyat hollarda undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa, eksport qiluvchi korxonaning moliyaviy holatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, yuqoridagi Farmonning 5-bandi 3-qismida “Agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditni toʻliq soʻndirmagan eksport qiluvchi uchun bunday moliyaviy resurslar ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi” — deb belgilangan. Bu esa, ajratilgan kreditni oʻz vaqtida qaytarmagan va toʻliq soʻndirmagan eksport qiluvchi korxonaning kelajakda Agentlik tomonidan ajratiladigan kreditdan foydalanish imkonini cheklaydi.

Shu sababli, yuqoridagi Farmon doirasida eksport qiluvchi korxonalarga ajratiladigan kredit muddatini 1 yilgacha muddatdan 1,5 yoki 2 yilgacha uzaytirish maqsadga muvofiqdir.

Oltinchidan, yaqin 5-10 yilga moʻljallangan “Eksportni rivojlantirish milliy strategiyasi”ning mavjud emasligi eksportni kelajakda rivojlantirish istiqbollarini belgilashda hamda qoʻyilgan maqsadlarga erishishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-sonli Farmonida yaqin 5 yillikda mamlakatimizda eksportni rivojlantirish boʻyicha aniq maqsadlar belgilab olingan.  

Unga koʻra, barcha imkoniyatlardan foydalangan holda 2026-yilda respublika eksport hajmini 30 mlrd. AQSH dollariga yetkazish, 2026-yil oxirigacha eksportchi korxonalar sonini joriy yil boshidagi 6,5 mingtadan 15 mingtaga oshirish, xususiy sektorning eksportdagi ulushini 60% gacha yetkazish, tovarlarning eksport geografiyasini 115 ta davlatdan 150 taga yetkazish, elektrotexnika mahsulotlari eksportini 3 baravarga oshirish, dasturiy mahsulotlar eksportini 10 baravarga oshirish, avtotransport vositalari eksportini esa 3 baravarga oshirish hamda qoʻshni davlatlar bilan chegara hududlarda erkin savdo zonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiq boʻlgan eksportni qoʻllab-quvvatlash va subsidiyalash choralarini ishlab chiqish maqsad qilingan.

Biroq, bugungi kunda yurtimizda yaqin 5 yoki 10 yillikda eksportni rivojlantirish boʻyicha yagona dastur (milliy strategiyasi) mavjud emas, bu esa, oʻz navbatida ushbu sohada belgilab olingan maqsadlarga erishish imkonini cheklaydi hamda davlatning bu boradagi siyosat yoʻnalishlari (vazifalari)ni belgilashni qiyinlashtiradi.

Hozirgi xalqaro rivojlanish tendensiyasi eksportni rivojlantirish va uning geografiyasini kengaytirish uchun davlat tomonidan eksportyorlarni doimoy ravishda qoʻllab-quvvatlashni, aniq vazifalarni amalga oshirishni hamda eksportchi korxonalar vakillarining bilim darajasini xalqaro standartlar asosida oshirib borishni, shuningdek, eksportyorlarda xorijiy hamkorlari bilan muloqotga kirishishda yuqori darajadagi koʻnikmalarni shakllantirishni talab etmoqda.  

Shu nuqtayi nazardan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida eksportni rivojlantirish borasida belgilangan maqsadlarga erishish maqsadida “2023-2026-yillarda Oʻzbekistonda eksportni rivojlantirish milliy strategiyasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Oʻzbekistonning kelajakdagi eksport salohiyatini yanada rivojlantirish hamda sohada mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

  1. Quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlgan yagona elektron platformani ishlab chiqish va ishga tushirish:
  2. eksport qiluvchi korxona vakillari tomonidan eksport xarajatlari (shu jumladan, eksport kontraktlarini sugʻurtalash va transport xarajatlari)ning bir qismini qoplab berish boʻyicha Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ga onlayn murojaat qilish;
  3. murojaat mualliflari tomonidan oʻz murojaatlarini onlayn kuzatib borish;
  4.  Agentlik tomonidan eksportchi korxonalar eksport xarajatlarining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisidagi buyurtmanomalarni Moliya vazirligiga ushbu platforma orqali yuborish va ijro holatini kuzatib borish.
  5. Eksport qiluvchi korxonalar tomonidan oʻz mahsulotlarini onlayn sotish maqsadida yaratilgan saytlarga bank internet-ekvayring xizmati (terminalsiz onlayn toʻlovlarni qabul qilish)ni ulash tizimini takomillashtirish choralarini koʻrish, xususan, “uz” domenidan boshqa domenlardan foydalangan holda yaratilgan saytlarga hamushbu xizmatni ulash tizimini joriy etish.
  6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21.10.2020-yilda qabul qilingan “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni doirasida eksport qiluvchi korxonalarga ajratiladigan kredit muddatini 1 yilgacha muddatdan 1,5 yoki 2 yilgacha uzaytirish hamda kredit muddatini uzaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish. 
  7. Milliy eksport qiluvchi korxonalarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Importor korxonalar qora roʻyxati”ni shakllantirish choralarini koʻrish.
  8. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida eksportni rivojlantirish borasida belgilangan maqsadlarga erishish maqsadida “2023-2026-yillarda Oʻzbekistonda eksportni rivojlantirish milliy strategiyasi”ni ishlab chiqish.
  9. Bojxona postlaridagi yuk mashinalarini tekshiruvdan oʻtkazuvchi teknik uskunalar (rentgen apparatlar)ni yaroqlilik (ishchanlik) holatini tekshirish maqsadida ularni xatlovdan oʻtkazish va eskirgan uskunalarni bosqichma-bosqich yangilash (tezroq ishlaydigan yangi uskunalarni xarid qilish) choralarini koʻrish.

Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bosh maslahatchisi Jumayev Qahhor