
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, ularning huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi barchaga ma’lum. Shu munosabat bilan bugungi kunda lobbilashtirish faoliyatini huquqiy tartibga solish masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Qayd etilishicha, 2010-yildan boshlab lobbilashtirish faoliyatida shaffoflik va yaxlitlikni ta’minlashga qaratilgan birinchi xalqaro standartlar paydo bo‘la boshlagan. Shunday qilib, Xalqaro lobbilashtirish faoliyatini oshkor qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar (Sunlight Foundation) 2013-yil, Axborot olish huquqi to‘g‘risidagi qonunlar orqali lobbilashtirishning shaffofligi, (Access Info Europe) 2013-yil, Lobbilashtirish faoliyatini tartibga solishning xalqaro standartlari qabul qilindi. Bugungi kunda lobbilashtirish faoliyatiga xalqaro miqyosda ijobiy qaraladi. Shaffoflik, halollik va ishtirok etishni oshirish majburiyati, (“Xalqaro nohukumat tashkilotlari standarti 2015”), “Transparency International” va boshqalar o‘z faoliyatini olib boradi.
Hozirgi vaqtda lobbilashtirish dunyoning 22 ta davlatida, jumladan AQSH, Avstraliya, Avstriya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Kanada, Chili, Fransiya, Gruziya, Germaniya, Vengriya, Irlandiya, Isroil, Litva, Makedoniya, Meksika, Montenegro, Nederlandiya, Peru, Polsha, Sloveniya va Tayvanda huquqiy tomondan tartibga solingan[1] bo‘lib, ushbu davlatlarda lobbistlarning onlayn registri yuritiladi. Lobbilashtirish reestrining maqsadi manfaatdor guruhlarning parlament a’zolari va ularning xodimlariga mumkin bo‘lgan ta’sirining shaffofligiga erishishdir. Bir qator tadqiqotlar lobbi shaffofligi korrupsiyaning kamayishiga olib kelishini ko‘rsatadi. Shu sababli, bugungi kunda xalqaro miqyosda lobbilashtirish masalasiga ijobiy qaraladi.
Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining (Organisation for Economic Co-operation and Development, OECD) “XXI asrda lobbilashtirish amaliyoti to‘g‘risida”gi hisobotiga asosan, 2020-yil holatiga ko‘ra AQSHda ushbu sohadagi sarf-xarajatlar yetakchi 6 ta yirik sanoat ishlab chiqarish sohalari zimmasiga, jumladan farmasevtika (306 mln dollar), elektronika (156 mln. dollar), sug‘urta (151 mln. dollar), ko‘chmas mulk (131 mln. dollar), biznes assosiasiyalari (119 mln. dollar) hamda neft va gaz (110 mln. dollar) to‘g‘ri kelmoqda.[2]
Lobbilashtirish maqsadlariga erishiladigan boshqaruv qaroriga qarab, uni norma ijodkorligi (normativ hujjatlar orqali qonun chiqaruvchi organlarda lobbi qilish)”, huquqni qo‘llash (huquqni qo‘llash hujjatlari orqali lobbi qilish) va huquqni sharhlash (qonun hujjatlarini sharhlash orqali lobbi qilish) kabi turlarga tasniflash mumkin.[3]
Xalqaro maydonda lobbilashtirish rivojlanayotgan va ijobiy jihatlari qonunlarda qayd etilayotgan bir paytda, milliy qonunchiligimizda mazkur atamaning huquqiy ta’rifi ham mavjud emas. Biroq, mazmunan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasini, ya’ni, har bir shaxsning bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egaligini lobbilashtirish faoliyatining bir elementi sifatida qarash mumkin. Ushbu konstitutsiyaviy normaning mohiyati davlatimizda har bir insonning huquq va erkinliklarini har qanday vositalar bilan himoya qilish mumkinligini belgilaydi.
Chet davlatlarida lobbilashtirish qonun hujjatlari fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilish konstitutsiyaviy huquqini cheklamasligi – bu qoida aniq xalqaro standartlarda aks ettirilganligi hamda ular bu sohada siyosatning oshkoraligini, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini, jamoatchilikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, lobbilashtirish faoliyatini amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida davlat xizmatchilariga nisbatan taqiqlar va cheklovlarning yagona va to‘liq ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunida aniq belgilash zarur.
Shunday qilib, lobbilashtirish sohasida dunyoning ilg‘or tajribasi va xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalarga asosan milliy qonunchiligimizni yanada takomillashtirishimiz hamda xalqaro standartlarni implementatsiya qilishimiz zarur. Bu esa, o‘z navbatida, chuqur tahliliy-ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ularning natijalariga asosan milliy qadriyatlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida lobbilashtirish amaliyotlarining qonuniy asoslarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taqozo etadi.
Shahsanem Saliyeva, huquqshunos
[1] Libby Watsan, “Influence Abroad: The state of global lobbying disclosure”, Sunlight Foundation, 2016 https://sunlightfoundation.com/2016/11/30/influence-abroad-the-state-of-global-lobbying-disclosure/#:~:text=Only%2022%20countries%20regulate%20lobbying,Kingdom%20and%20the%20United%20States.
[2] https://www.oecd-ilibrary.org/sites/8b6ec100-en/index.html?itemId=/content/component/8b6ec100-en
[3] Сабиров Бахрам Низаматдинович Теоретические аспекты противодействия нелегальной лоббистской деятельности в Республике Узбекистан // автореферат диссертации доктора философии (PhD) по юридическим наукам. Нукус 2022 г., С. 16.