
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy sohalardagi keng qamrovli islohotlar natijasi oʻlaroq, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasiga davlat darajasida ulkan eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur sohada qoʻyilgan maqsadlarga erishish, avvalo, mavjud holatni chuqur oʻrganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun tegishli yechim izlashni taqozo etadi.
Huquqiy siyosat tadqiqot institutining “Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasidagi dolzarb vazifalar” mavzusidagi tadqiqoti oldiga shu masalalar qoʻyilgan edi. Mazkur tadqiqot O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 25-maydagi 106-um-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamisining 2022-yil 16-maydagi 259-son “2022-2023-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Tadqiqot mobaynida institut tomonidan ishlab chiqilgan savolnoma Adliya vazirligi rasmiy sahifalari, “Huquqiy axborot kanali” adliya organlari va muassasalari hamda hududiy boshqarmalarning telegram, faсebооk, instagram va twitter kabi ijtimoiy tarmoqlariga joylandi.
Soʻrovnomada respublika boʻylab jami 1000 nafarga yaqin respondent ishtirok etdi. Respondentlarning 68,7 % erkaklar,31,5 % esaayollar tashkil etgan. Ularning 43,4% 18-30 yoshdagilar, 35,9% 31-40 yoshdagilar, 14,4% 41-50 yoshgacha boʻlganlar tashkil qilsa, ma’lumotiga koʻra 65,3% oliy, 25,9%oʻrta maxsus, 8,7% esa oʻrta ta’lim olgan fuqarolar ekanligi ma’lum bo’ldi.
So‘rovnoma natijalari hozirgi kunda jamiyatning huquqiy madaniyati va qadriyatlari asosan aholining oliy ma’lumotli va o‘rta yoshlardagi qatlami orasida ancha yuqoriligi bilan ajralib turibdi. Buni quyidagi ko‘rinishlar bilan asoslasa bo‘ladi:
So‘rovnomaning 2-savolida O‘zbekiston Respublikasida qonunlarning bir xil ijrosini ta’minlovchi sifatida prokurorni 67,8 % belgilab to‘g‘ri javob berishgan bo’lsa, murojaatlar to‘g‘risida savolga ham 81,2% respondent to‘g‘ri javob variantini tanlashgan.
Shuningdek, so‘rovnomada qatnashgan respondentlarning 68,7%ini erkaklar,31,5%ini esaayollar tashkil etgan. Bundan kelib chiqadiki, jamiyatda gender tengligi borasidagi ishlarni kuchaytirish va ayollarning bilim olishi hamda huquqlarini o‘rganishida joylarda maxsus qisqa muddatli kurslarni tashkil etish lozim.
Hozirgi kunda yana bir dolzarb masalalardan biri yaʼni aholining yo‘l qoidalariga amal qilish madaniyatini baholash maqsadida joylangan 19—savolga javoblardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki hozirda YXHB inspektorlari bilan ayrim fuqarolarning tortishuvi qoidabuzarliklarni tan olmasdan o‘zlarini haq deb bilishlari va tortishuv jarayonlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylab, boshqalarni ham shunga targ‘ib qilish holatlari uchrayotgani bu yo‘l qoidalarini tan olmaslik va natijada yo‘l transport hodisalari oqibatida o‘limlarning ko‘payishiga olib kelishi ehtimolini ko‘paytirmoqda. Bu esa o‘z navbatida haydovchilarning yo‘llardagi madaniyati va yo‘l qoidalarga nisbatan hurmat tushunchasini kengaytirishni talab etmoqda.
Tahlil natijalaridan kelib chiqib, jamiyatda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan yana quyidagi taklif va tavsiyalarni aytish mumkin:
fuqarolarda huquqiy bilimlarini baholashga imkon beruvchi turli teledasturlarni yoʻlga qoʻyish;
davlat organlari va tashkilotlarida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda yuqori turuvchi tashkilotga yoki takroran tashkilot rahbariyatiga murojaat qilish tartibini qayta koʻrib chiqish, bu turdagi murojaatlarni hal qilish samaradorligini oshirish;
respublikamiz aholisining huquqiy madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli yoʻlga qoʻyish, bunda jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan keng foydalanish, jamiyat huquqiy madaniyati darajasining ijobiy natijalarini omma eʼtiboriga yetkazish;
amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi kundalik turmush darajasi bilan bogʻlash, bu turdagi islohotlar natijalarini doimiy tahlilini yoʻlga qoʻyish;
aholining huquqiy madaniyat darajasini oshirishda kichik guruhlar bilan ishlash, taʼlim muassasalarida tarbiya fani rolini oshirish;
aholiga huquqiy axborotlarni, huquqiy sohadagi islohotlar mazmunini koʻproq televideniye orqali yetkazish, shuningdek, huquqiy targʻibotni amalga oshirishda internet manbalari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanish.
Fuqarolarning oʻz huquqlarini himoya qilish imkonini beradigan qonun hujjatlari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishlari va zarur holatlarda ularni amalda qoʻllay olishi, oʻz qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bir qatorda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda boʻlish, hayotda kelib chiqadigan turli nizoli masalalarni faqat qonun doirasida hal qilishga intilish jamiyatda huquqiy savodxonlik darajasini koʻrsatuvchi muhim koʻrsatkichlardan hisoblanadi. Shunday ekan, olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va bu borada qabul qilingan qonunlar mohiyatini aholi tomonidan chuqur anglab yetishiga har tomonlama koʻmaklashish davlat organlari, keng jamoatchilik va mamlakat taqdiriga befarq boʻlmagan barchamizning burchimizdir.
Xulosa sifatida shuni taʼkidlash joizki, huquqiy ong va huquqiy madaniyat dinamik xarakterga ega boʻlgan sohalar boʻlib, har 3-4 yilda maʼlum darajada yangilanish xususiyatiga ega. Shu oʻrinda, bugungi kunda mazkur sohada mavjud ayrim kamchiliklarni oʻz vaqtida aniqlab, bartaraf etib borilsa, nisbatan qisqa muddatlarda mamlakatimizda qonun ustuvorligining yanada mustahkamlanishiga erishish mumkin.