HSTI FAOLIYATI

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 13 apreldagi PF-5415-son Farmoni bilan Toshkent davlat yuridik universitetining Huquqiy tadqiqotlar markazi negizida tashkil etildi. Mazkur Farmon ijrosi yuzasidan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 iyundagi 442-sonli “O‘zbekiston respublikasi adliya vazirligi huzuridagi huquqiy siyosat tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra Tadqiqot instituti yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish, qonuniylikni mustahkamlash, adliya organlari faoliyatini takomillashtirish sohasida respublikaning yetakchi davlat ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi etib belgilandi.

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti faoliyatining asosiy maqsadi O‘zbekiston huquqiy siyosatining dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, norma ijodkorligi faoliyatini ilmiy-uslubiy ta’minlashning samaradorligini oshirish, huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishning yaxlit tizimini joriy etishda ishtirok etishdir.

Quyidagilar Tadqiqot institutining asosiy vazifalari etib belgilangan:

qonunchilikni va uning tarmoqlarini rivojlantirish sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ilmiy konsepsiyalar ishlab chiqish; adliya organlari faoliyatini o‘rganish va takomillashtirish;
sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlari qo‘llanilish amaliyotini tahlil qilish, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning huquqiy muammolarini o‘rganish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash;
yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik olib borish.

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tuzilmasida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni o‘rganish bo‘limi, Ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishni o‘rganish bo‘limi, Davlat boshqaruvi samaradorligini o‘rganish bo‘limi, adliya organlari faoliyatini o‘rganish va takomillashtirish bo‘limi, shuningdek, umumiy bo‘lim mavjud.

Ilmiy tadqiqotlarni xalqaro me’yorlar darajasiga ko‘tarish maqsadida Tadqiqot instituti bilan xorijiy davlatlarning huquq universitetlari, ilmiy tadqiqot institutlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlar o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungacha, Huquqiy siyosat tadqiqot instituti ishtirokida muhim tahlil-tadqiqot loyihalari amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat Dasturining 44-bandiga muvofiq Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi ishlab chiqilgan, Davlat dasturining 47-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti 2019 yil 25-27 aprel kunlari tashkil etilgan «Tashkent Law Spring» Xalqaro yuridik forumining tashkiliy shtabi vazifasini bajardi, ushbu Forumni 2020 yilda o‘tkazilish bo‘yicha Huquqiy siyosat tadqiqot instituti asosiy mas’ul muassasa hisoblanadi.